O‘zbekistonning Ukrainadagi voqealar yuzasidan «Jahon» axborot agentligining 2014-yil 4-martdagi bayonotida ifoda etilgan munosabati o‘zgarmasdan qoladi, deb bayonot berdi O‘zbekiston Respublikasi
Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati.

Bayonotda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasining BMT Nizomi asosiy tamoyillari va xalqaro huquqiy me’yorlardan kelib chiqqan holda «yuzaga keladigan xalqaro bahslarni tinch vositalar bilan hal etish, xalqaro munosabatlarda har qanday davlatning hududiy daxlsizligiga yohud siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch bilan tahdid qilish yoki uni qo‘llashdan tiyilish» borasidagi pozitsiyasi qat’iy va o‘zgarmasdir.

«Ushbu prinsipial aniq maqsadli vazifalar zamonaviy bosqichda siyosatimizning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan „O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi to‘g‘risida“gi Konstitutsiyaviy qonunda o‘z aksini topgan», — deb aytilgan TIV xabarida.

«O‘zbekiston shu kabi xalqaro muammolarga nisbatan ushbu tamoyillarga rioya qilgan va bundan keyin ham amal qiladi»,- deb ta'kidlaydi vazirlik.

«Shu bilan birga, bizningcha, bugun Ukraina va Qrimda sodir bo‘layotgan voqealarning oldindan aytish mushkul bo‘lgan oqibatlarini hisobga olgan holda, ukrain va rus xalqlarining asriy yaqinligidan, ma’naviy va madaniy qadriyatlarining, ular o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning tarixan shakllangan mushtarakligidan kelib chiqib, yuzaga kelgan muammolarni o‘zaro maqbul murosali hal etish chorasini topishning yagona to‘g‘ri yo‘li bevosita ikki tomonlama muzokaralar olib borishdir», — deya davom ettirgan TIV.

«Bunday holatda vaqt qancha ko‘p o‘tsa, shuncha ko‘p qarama-qarshiliklar yuzaga keladi va vaziyat murakkablashadi», — deb yakunlaydi TIV o‘z bayonotini.