O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisini shu yil 10-11-aprel kunlari Toshkent shahrida chaqiriladi. Bu haqdagi qarorni 12-mart kuni Senat Kengashi qaror qabul qildi.

Yuqori palataning matbuot xizmati xabar berishicha, Senatning yalpi majlisi kun tartibiga bir qator qonunlar kiritilmoqda.

«Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi, «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi (yangi tahriri), «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi (yangi tahriri), «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shu bilan bir qatorda navbatdagi yalpi majlisda senatorlar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning faoliyati to‘g‘risidagi, Hisob palatasining faoliyati to‘g‘risidagi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni muhokama qiladilar. Senatorlar yalpi majlisda adliya vazirining 2013-yilda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyatidagi qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotini ko‘rib chiqadilar.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatlari doirasiga kiradigan boshqa masalalar ham muhokama qilinadi.