7-23- fevral kunlari Rossiyaning Sochi shahrida XXII qishki Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekistondan 3 nafar sportchi qatnashadi. Yana ikki sportchi XXI qishki Paralimpiya o‘yinlarda O‘zbekiston vakili bo‘ladi. Bu haqda 29-yanvar kuni Toshkentdagi «Olimpiya shon-shuhrati» muzeyida o‘zbekistonlik sportchilarning mazkur o‘yinlarda ishtirokiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytildi, deb xabar beradi MAA «Turkiston-press»

Tadbirda ma’lum qilinishicha, XXII qishki Olimpiada o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar (Misha Ge) muzda nafis uchish, (Artem Voronov va Kseniya Grigoreva) slalom va gigant slalom bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etishadi. Tog‘ chang‘ichi Ramil Giyazov va snoubordist Evgeniy Slepov paralimpiyachilar o‘yinlarda qatnashadilar.

Sochi shahridagi XXII qishki Olimpiada o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 7- fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:14 (Toshkent vaqti bilan soat 21:14) da boshlanadi.

Unda dunyoning 85 mamlakatidan 6000 dan ziyod sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. O‘yinlar Sochi shahrida barpo etilgan 11ta yangi sport inshootlarida o‘tkaziladi.