O‘zbekiston Jinoyat kodeksi terrorchilik harakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xabar qilmaganlik va terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik uchun jinoyi javobgarlikni ko‘zda tutgan moddalar bilan to‘ldirildi. Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartishlarni kiritish to‘g‘risidagi qonunni Prezident Islom Karimov 20- yanvar kuni imzoladi.

JKning yangi 155-1 moddasi tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan terrorchilik harakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va faktlarni xabar qilmaslik uchun javobgarlikni ko‘zda tutadi. Dastlabki tergov hamda sud muhokamasi materiallari bilan isbotlangan, aniq ma’lum bo‘lgan tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan terrorchilik xususiyatiga ega jinoyat to‘g‘risida xabar qilmaslik, — eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu qilmish odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yangi kiritilgan 155-2 moddada esa terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tishga jinoyi javobgarlik ko‘zda tutilgan.

«Shaxsning terrorchilik faoliyatini amalga oshirish yoxud ushbu Kodeksning 155, 158, 159, 161, 242, 245, 254, 2551 va (yoki) 264-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlardan birini sodir etish maqsadida o‘tkazilayotganligi o‘zi uchun ayon bo‘lgan o‘quvdan o‘tishi, shu jumladan mazkur jinoyatlarni sodir etish bilimini, amaliy mahoratini va ko‘nikmalarini egallashi, o‘quv chog‘ida qurol-yarog‘, portlatish qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi, atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan boshqa moddalar va buyumlar bilan muomala qilish usullarini o‘rganishi, — eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi», — deb yozilgan moddada.

Ushbu moddada nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs, agar u terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘tkazilayotganligi o‘zi uchun ayon bo‘lgan o‘quvdan o‘tganligi to‘g‘risida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga yoki bunday o‘quvdan o‘tgan, bunday o‘quvni amalga oshirgan, tashkil etgan yoxud moliyalashtirgan boshqa shaxslarni, shuningdek o‘quv o‘tkazilgan joyni aniqlashga faol ko‘maklashsa va agar uning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi mavjud bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.