Ishbilarmonlik — biznes yuritish uchun amaliy qulay sharoit tug‘dirib berish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish hukumatning 2014-yilda real iqtisodiyotni isloh etishda eng muhim yo‘nalishiga aylanmog‘i zarur. Bu haqda Prezident Islom Karimov 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishida aytdi.

«So‘nggi yillarda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes yuritish, iqtisodiyotimizga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun zarur sharoit va qulay muhit yaratish borasida biz ulkan ishlarni amalga oshirdik», — deb aytdi davlat rahbari.

Islom Karimov quydagi faktlarni keltirdi: «Tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining ustuvorligi haqidagi prinsip joriy etildi. Faqat o‘tgan yilning o‘zida ruxsat berishga oid 80 dan ortiq tartib-taomil, litsenziyalanadigan faoliyat turlarining 15 tasi, 65 turdagi statistik hisobotlar, 23 turdagi hisobotni taqdim etish muddatlari qisqartirildi, 22 turdagi interfaol soliq xizmati joriy etilib, zarur ruxsatnomalar berish muddati 2-marta va mazkur jarayonlar uchun xarajatlar qiymati 5-marta qisqartirildi».

Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ruxsatnoma olish jarayonida to‘lanadigan xarajatlar 8 barobar kamaytirildi, banklarda hisobraqami ochish uchun to‘lovlar bekor qilindi va shu borada boshqa zarur tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritish sharoitining bugungi holati erkin bozor iqtisodiyotining talab va prinsiplari, umumiy xalqaro normalarga to‘liq javob bermasligini e’tirof etdi Prezident.

«Tadbirkorlarimiz qishloq joylarda energiya ta’minotining beqarorligiga, ishlab chiqarish va yo‘l infratuzilmasining kerakli darajada rivojlanmaganiga, tekshiruvlarning ko‘pligiga, shuningdek, joylarda ijro intizomining nisbatan pastligiga haligacha duch kelmoqda», — deb ta’kidladi Islom Karimov.

«Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish uchun turli ruxsatnomalar berish muddatlarini yanada qisqartirish, ularning tartib-taomillarini soddalashtirish va arzonlashtirish, tadbirkorlik yo‘lidagi ortiqcha byurokratik g‘ovlarni bartaraf etish va bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni jiddiy nazoratga olishimiz shart», — deb o‘ta muhim masalaga yana bir bor e’tibor qaratdi Prezident.

Litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini elektron shaklda taqdim etish, kommunal xizmatlar, shuningdek, soliq solish va bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha xizmatlarni interfaol shaklda ko‘rsatishga o‘tishni tezroq amalga oshirish zarur, deb qo‘shimcha qildi u.