Toshkent shahrida 29-noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining o‘n ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O'zbekiston TIV Matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Serik Ahmetov, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Jontoro Sotiboldiyev, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedev, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Koxir Rasulzoda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev, SHHT Bosh kotibi Dmitriy Mezensev, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Chjan Sinfen, SHHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvi va SHHT Banklararo birlashmasi kengashi raislari ishtirok etadilar.

Majlisda SHHTda kuzatuvchi davlatlar vakillari — Afg‘oniston Islom Respublikasi ikkinchi vitse-prezidenti M.Haliliy, Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sanjey Singx, Eron Islom Respublikasi sanoat, konlar va savdo vaziri M.Ne’matzoda, Mo‘g‘uliston Bosh vazirining o‘rinbosari Dendeveyn Terbishdagva, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining milliy xavfsizlik va tashqi ishlar bo‘yicha maslahatchisi Sartoj Aziz, shuningdek, hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari — BMT Bosh kotibi o‘rinbosari — BMT ESKATO ijrochi kotibi N.Xeyzer, ASEAN Bosh kotibi o‘rinbosari Nyan Lin, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi — ijrochi kotibi Sergey Lebedev qatnashadi.

Majlisda SHHTga a’zo davlatlar Davlat rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashining Tashkilot doirasida savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish hamda yanada mustahkamlash chora-tadbirlariga oid qarorlari ijrosining borishi, shuningdek, SHHT Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasi faoliyatiga oid ma’ruzalar tinglanishi rejalashtirilmoqda.

Hukumat rahbarlari kengashining majlisi doirasida Qo‘shma bayonot va qator boshqa hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilmoqda.