Ta'lim — shunchaki vosita
Freshman Academy asoschisi Valeriy Arakelyan — Ayvi-Liga universitetlariga kirish va o'qish haqida
Valeriy Arakelyan asli samarqandlik. U abituriyentlarni dunyoning eng yaxshi universitetlariga grant asosida o'qishga kirish uchun tayyorlashga ixtisoslashgan Freshman Academy onlayn maktabiga asos solgan. "Gazeta.uz" Valeriy bilan akademiya falsafasi, talabalar va xorijda tahsil olish haqida suhbatlashdi.
Valeriy Arakelyan asli samarqandlik. U abituriyentlarni dunyoning eng yaxshi universitetlariga grant asosida o'qishga kirish uchun tayyorlashga ixtisoslashgan Freshman Academy onlayn maktabiga asos solgan. "Gazeta.uz" Valeriy bilan akademiya falsafasi, talabalar va xorijda tahsil olish haqida suhbatlashdi.
Valeriy Arakelyan Samarqandda tug'ilgan. 2018-yilda u Singapur Milliy universiteti va AQShning Yel universiteti hamkorligida asos solingan Yale-NUS gumanitar kollejiga o'qishga kirgan.

Bir yil o'tib, Valeriy Freshman Academy onlayn maktabiga asos solgan. Loyiha MDHning barcha hududlari va uzoq xorijdan bo'lgan abituriyentlarni dunyoning eng yaxshi universitetlariga qisman yoki to'liq moliyalashtiriladigan grant asosida o'qishga kirishga tayyorlaydi.

2019-yildan buyon bu maktabni 1000 dan ortiq abituriyent tamomladi. Ular orasida AQSh va dunyoning bir qator eng kuchli universitetlariga kirgan ilk o'zbekistonliklar ham bor. "Gazeta.uz" Valeriy bilan Freshman Academy'ni tashkil etish g'oyasi, loyiha falsafasi, o'qishga kirish va xorijda tahsil olishga tayyorgarlik xususida suhbatlashdi.
Bolaligi haqida
Menga ko'p jihatdan omad kulib boqqan, deb ayta olaman. Menda ta'limga qiziqishni ota-onam uyg'otgan. Buvim — Sovet Ittifoqi va O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan ingliz tili o'qituvchisi bo'lgan, shu bois ingliz tilini 5 yoshimdan o'rganganman. Onam Samarqandda gid bo'lib ishlaydi, buning sharofati bilan bolaligimdan sayyohlar, jumladan, chet el universitetlari professorlari, hatto Oksford universiteti professorlari bilan muloqot qilish imkoniga ega bo'ldim. Ayvi Ligasi (Ivy League) nima ekani va assotsiatsiya universitetlari qanday imkoniyatlarni taqdim etishi haqida ham aynan ulardan bilib olganman.

Boshlang'ich maktabda ukam va meni yetarlicha qattiqqo'llik bilan tarbiyalashgan, biroq taxminan 5-sinfdan menga muayyan darajada erkinlik berishdi va nima bilan shug'ullanishni mustaqil tanlash imkoniga ega bo'ldim. Ota-onam mening barcha qiziqishlarimni qo'llab-quvvatlagan: gitara chalishni istaysanmi — mana, ol, futbol yoki dzyudo bilan shug'ullanishni istaysanmi — olg'a.

«
14 yoshimda Samarqanddagi ingliz tili bo'yicha ilk so'zlashuv klubiga qatnay boshladim. Uning ishtirokchilari orasida eng kichigi edim, qolgan ishtirokchilar 17 yosh yo bundan katta edi. Men bu klub bolalariga IELTS imtihoniga tayyorlanishda yordam berganman. Aytish mumkinki, bu mening o'qituvchilikdagi ilk tajribam edi.

»
Universitet tanlash va o'qishga kirishga tayyorgarlik haqida
Maktabdan so'ng Samarqand yengil sanoat va iqtisodiyot kollejiga o'qishga kirdim va oliy o'quv yurtlariga kirish imtihonlariga tayyorlana boshladim. Ayvi-Liga universitetlarida o'qishni xohlardim. Meni ulardagi ta'limning yuqori sifati o'ziga tortgan edi, biroq eng asosiysi — ular talabalarning ota-onalari ko'tara olmaydigan barcha xarajatlarni o'z zimmasiga olishlari shart. Bu o'zbekistonlik abituriyentlar uchun katta afzallik.

Bunday katta miqdordagi moliyalashtirish — assotsiatsiya universitetlari uchun e'tirof masalasi. Agar ular faqatgina o'qish uchun to'lovga layoqatli bo'lgan talabalarni qabul qilganlarida edi, Ayvi Ligasi ilg'or ilm-fan markazi sifatidagi nufuzini yo'qotgan bo'lardi, talabalar "Liga"da faqat pul evaziga o'qishi mumkin, degan tasavvur uyg'onardi. Biroq, hozirgi siyosatga muvofiq, o'qishda pul emas, bilim hal qiluvchi omil hisoblanadi.
реклама
реклама
Men o'qishga birinchi urinishdayoq kirmaganman. Birinchi yil, 2016-yilda IELTS imtihonini topshirdim. Darajam har doim keragicha yuqori bo'lgan, shuning uchun birinchi urinishdayoq 8 ball oldim. Biroq, ma'lum bo'lishicha, xorijiy universitetlarga o'qishga kirish uchun ham IELTS, ham SAT sertifikati kerak ekan. Men ulardan faqat bittasi kerak, deb o'ylagandim va ikkalasi ham zarurligini bilgach, hayratga tushdim. Mening bexabarligim qanday hujjat topshirish kerakligini ko'pchilik tushunmagani, raqobatbardosh universitetlarga hujjat topshirish logistikasining mavjud emasligi bilan bog'liq edi. O'sha vaqtda O'zbekistonda SAT testini topshirish uchun faqat bitta imtihon markazi bo'lar, u ham Toshkentda edi. Men bu qanday test ekanligini umuman bilmasdim, shunga qaramay, ro'yxatdan o'tdim va uni topshirish uchun tayyorgarliksiz bordim.

Negadir imkoniyatlarim yaxshi ekani va Ayvi Ligasiga o'qishga kira olishimga ishonchim komil edi. 2016-yilning kuzida dunyoning 12 ta eng yaxshi universitetiga hujjat topshirdim. Bahorda hammasidan rad javobini oldim. Ushbu universitetlarning har biriga ariza topshirish uchun 50 dollar miqdorida ro'yxatdan o'tish to'lovini to'lash kerak edi. Keyingi yili oilaning yillik daromadi 65 ming dollardan kam bo'lsa, uni to'lamaslik mumkin ekanini bilib oldim.

Barchasidan rad javobini olgach, kollejdagi do'stim bilan Britaniya Kengashi (British Council)ning har yili o'tkaziladigan Enterprise Challenge yoshlar dasturida ishtirok etishga qaror qildik.

«
Keyinchalik men bu tajribadan universitetlar qabul komissiyasi qaroriga sezilarli ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan darsdan tashqari yutuqlardan biri sifatida foydalandim.

»
Enterprise Challenge ishtirokchilari kelgusida amalga oshirilishi shart bo'lmagan nazariy biznes g'oya konsepsiyasini taqdim etishi lozim edi.
Biz o'zimiz internetda o'qigan o'simlik urug'lari qo'shilgan bir martalik stakanlar to'g'risidagi g'oyani taqdim etishga qaror qildik: g'oyaga ko'ra, bunday stakanlarni tabiat qo'ynida biror joyga tashlab ketilsa ham, undan daraxt unib chiqishi mumkin. Konsepsiya darajasida g'oyaning o'zi juda zaif, bu usulning ekologik talablarga muvofiqligi juda munozarali, shunga qaramay, biz loyihani taqdim etishning o'ziga munosib tayyorgarlik ko'rishga qaror qildik.

«
Jiddiy izlanishlar olib borib, Samarqanddagi "Meros" ipak qog'oz zavodi bilan bog'landik va g'oyani Samarqand sharoitiga moslashtirdik. Bu g'oya bilan O'zbekistonda biz 2-o'rinni egalladik.

»
Shundan keyin, qiziquvchanligimiz sabab BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining (UNECE) shunga o'xshash Ideas4Change dasturida ishtirok etishga qaror qildik. Forumda ishtirok etgan 130 jamoa orasida biz Jenevadagi komissiya shtab-kvartirasida o'z loyihalarini taqdim etgan eng yaxshi besh finalchi qatoridan joy oldik. Oxirgi o'rinni egalladik, biroq bu bizni hayron qoldirmadi. Biz 17−18 yoshda edik, raqobatchilarimiz esa 24−50 yosh oralig'idagi tajribali tadbirkorlar edi.
Bizga Isroil davlati vakillari e'tibor qaratib, startaplar bo'yicha global akselerator hisoblangan MassChallenge kompaniyasining Business Accelerator dasturida ishtirok etishga taklif qildi.

Tadbir 2017-yilning yozida Quddusda bo'lib o'tdi. Dastur doirasida men UNECE ijrochi kotibi o'rinbosari bilan ishlash imkoniga ega bo'ldim. O'sha safar davomida biz Tel-Avivda ham bo'ldik. U yerda eBay sobiq vitse-prezidenti rahbarligi ostida ishladik. Universitetga hujjat topshirayotgan vaqtim nomzodligimni kuchaytirish maqsadida ularning har ikkalasidan ham tavsiyanoma oldim.

«
Ushbu loyihalar yaxshi motivatsion xat — xorijiy universitetlarga hujjat topshirishda katta rol o'ynaydigan muhim hujjatni yozishda menga katta yordam berdi. Yaxshi akademik ko'rsatkichlar, agar ularni to'g'ri ifodalab bera olmasangiz, hech qanday ma'noga ega bo'lmasligi mumkin.

»
Bu safar Yel universitetiga hujjat topshirayotganda, Singapurning Yale-NUS kollejiga ham hujjat topshirayotganimni ham ko'rsatib o'tdim. Birinchi yili bu punktni e'tiborsiz qoldirgandim, chunki AQShga o'qishga kirishimga ishonchim komil edi, biroq endi raqobat, gap ayniqsa Amerika universitetlari haqida borayotgan bo'lsa, juda kuchli ekanligini anglab yetgandim.

Meni Yale-NUS'ga qabul qilishdi. O'sha vaqtda u QS World University Rankings reytingida 15-o'rinda edi. Hozir 8-o'rinda. Men Amherst kollejida ham o'qishim mumkin edi. U ham qaysidir ma'noda kichik Ayvi Ligasi hisoblanadi va Amerikadagi bir qishloqda joylashgan. Biroq, Singapur — dinamik shahar, shuning uchun men uni tanladim. Yale-NUS menga o'qish, turar joy, ovqatlanish va kitoblar uchun to'lovni o'z ichiga olgan to'liq grant taqdim etdi.
Universitet tanlash va o'qishga kirishga tayyorgarlik haqida
Yale-NUS'da siyosat, falsafa va iqtisodiyotni o'rgandim. Dastlab marketing va biznes bilan shug'ullanishni rejalashtirgandim, biroq Yel yoki Garvard kabi universitetlarda bakalavriat ta'lim tizimi Liberal Arts deb nomlangan qadimgi yunon modeli asosiga qurilgan. Unda asosiy e'tibor ko'p asrlar davomida mavjud bo'lgan fundamental fanlar: matematika, fizika, falsafa, huquq, siyosatga qaratiladi. Talabalar asoslarni o'rganadi, marketing yoki biznes yo'nalishini esa magistratura bosqichida tanlash mumkin.
Fundamental fanlar bakalavriat bosqichida kursning majburiy qismi hisoblanadi. Masalan, men "Suqrot ustidan hukm" kursini o'qiganman. Yarim yil davomida biz uning nima uchun sudlangani, sud jarayoni qanday kechgani va Suqrot ustidan o'lim hukmi zamonaviy falsafaga qanday ta'sir ko'rsatgani haqidagi turli matn va versiyalarni o'rganib chiqqanmiz. Bakalavriat talabalari fundamental fanlardan tashqari o'z qiziqishlaridan kelib chiqib boshqa fanlarni ham tanlashi mumkin.

«
Universitetda eng qiyini o'z fikringizni shakllantirishingiz va uni asoslashingiz kerakligi bo'ldi. O'zbekistonda deyarli insho yozmasdik, har doim konspekt yozardik va uni yod olardik. Singapurda shuni anglab yetdimki, butun ta'lim jarayoni aslida darslik bilan bahslashishga asoslanadi. Ba'zida bizdan darslikda noto'g'ri yozilgan vaziyatni tasavvur qilishni so'rashardi. Bu tizim professorning mavqeiga emas, balki o'z nuqtai nazaringizni isbotlashga asoslanadi. Professor bilan har doim konstruktiv bahsga kirishish mumkin.

»
реклама
реклама
Shubha ostiga olish — Amerika ta'lim tizimida o'rganishning juda muhim qismi. Bu talabalarni fundamental narsalarning asl haqiqati haqida fikr yuritishga majbur qiladi. Tanqidiy fikrlashning rivoji ba'zan absurd darajasiga olib chiqiladi, chunki siz deyarli hamma narsaga shubha bilan qaray boshlaysiz. Shuning uchun, ko'pchilik talabalar — jumladan men ham — o'qishning birinchi yilida nigilizmning muayyan bir bosqichini boshdan kechiradi. Universitetda turli mamlakatlardan kelgan, biznikidan butunlay farq qiluvchi madaniyatga ega juda ko'p odamlar tahsil olayotgani ham buni yanada kuchaytiradi. Biroq aynan shu tufayli kishi boshqacha fikrlay boshlaydi va turli nuqtai nazarlarga nisbatan bag'rikenglik bilan yondashadigan bo'ladi
Yale-NUS da o'qish jarayoni haqida
Birinchi semestrning yettinchi haftasida universitetning barcha talabalari Wyeyek 7 dasturida qatnashadi. Unda talabalar o'qituvchilar hamrohligida turli konferensiyalarda ishtirok etish uchun boshqa mamlakatlarga uchib ketishi ko'zda tutilgan.

Turli mamlakatlardagi 14 turdagi dasturdan birini tanlash kerak edi. Har bir talaba 14 ta dasturning barchasini ustuvorlik asosida tanladi. Ayni paytda, talabalar uchun dasturni kompyuter tanladi. Men xalqaro moliya bo'yicha o'qish uchun Gonkongga uchdim. Mavzu meni qiziqtirdi, biroq ko'proq shaharni ko'rishni xohlardim. Yale-NUS va Yel universitetining ikki professori hamrohligida turli banklarda bo'ldik. Biri nazariya professori, ikkinchisi yirik bank direktori va 20 yil Amerika universitetida ishlagan edi.
Gonkongdagi uchrashuv
Birinchi kursdan keyin menga Konnektikut shtatidagi Yel universitetida bir oy vaqt o'tkazish nasib qildi. Bu yozgi Grand Strategy dasturi bo'lib, har kuni uch soat davomida ma'ruzalar tinglardik va har hafta 2000 so'zdan iborat tadqiqot ishi yozardik. Oxir-oqibat, barcha ishimizni [bitta tadqiqot ishiga] birlashtirishimiz va materialni tahrirlashimiz kerak edi. Aslini olganda, 8−10 ming so'zlik kichik diplom ishi hosil bo'ldi. Bunday hajmdagi matnlarni yozish men uchun juda qiyin edi, biroq bu tajriba keyingi kurslarda menga juda asqotdi.
Yel universiteti prezidenti Piter Salovey bilan
Universitet keng ko'lamli imkoniyatlarni: amaliyotdan tortib, til dasturlari va boshqa mamlakatlarga sayohatlargacha taqdim etdi. Bularning barini universitet moliyalashtirdi. Hatto tasodifiy taqsimlangan "sirli amaliyotlar" ham bo'lgan. Bir tanishim Tailandda amaliyot o'tashiga to'g'ri kelgan, u yerda tanishim shunchaki qutilarni tashigan.

Men esa olti oyga Fransiyaga Science Po siyosiy tadqiqotlar institutida o'qish uchun borishim kerak edi, biroq pandemiya yuz berdi. O'qishimning yarmi shu davrda bo'lib o'tdi, shuning uchun sayohat qilish imkoniyatlarining aksariyatidan foydalana olmadim.
Yale-NUS kollejida

«
O'qish yillari menda vatanparvarlik tuyg'usi juda mustahkamlandi. Ta'lim, madaniyat, tarix nuqtai nazaridan O'zbekistonda olganlarimiz naqadar qadrli ekanini tushuna boshladim. Registonni har kuni ko'rish, yurtimiz madaniy merosiga tegish imkoniyati naqadar qimmatli.

»
Singapur — nisbatan yangi davlat, uning rivojlanish tarixi 200−300 yil. Samarqandda esa biz ming yilliklarda — makedoniyalik Iskandardan tortib O'zbekistonning yangi tarixigacha bo'lgan davrda fikr yuritamiz.
Freshman Academy'ning tashkil etilishi
Ikkinchi kursda, 2019-yili, xorijiy universitetga o'qishga kirish uchun tayyorlanishida ukamga yordam bera boshladim. U bir o'zi biroz zerikdi, shuning uchun men yana bir-ikkita abituriyentlarni oldim. Ular bepul o'qishdi. Aytishim mumkinki, bu Freshman'ning ilk guruhi edi.

Yale-NUS'da o'qiydigan do'stim Bekzod Nurmatov bilan birga Zoom orqali yigitlarga qo'ng'iroq qilib, ularni SAT imtihoniga tayyorladik, so'zlashuv klubini olib bordik.

Qaysidir lahzada shuni tushundimki, O'zbekistondagi abituriyentlarda xorijiy oliygohlarga hujjat topshirish uchun resurslar yo'q. O'sha paytda, muayyan xususiy maktablarning bitiruvchilarini hisobga olmasa, deyarli hech kim [bunday oliygohlarga] o'qishga kirmasdi. Menda Freshman Academy'ni yanada rivojlantirish tasavvuri uyg'ondi. Bekzodning boshqa muhim ishlari bor edi, ham birinchi kursda o'qirdi. Ikki-uch oy birga ishlaganimizdan so'ng, men loyihaning yagona muvofiqlashtiruvchisiga aylandim, biroq o'qituvchilarimiz bor edi.
реклама
реклама
Akademiyani o'qish bilan bir vaqtda yuritish juda qiyin edi, shunga qaramay, vaqt o'tishi bilan bunday hajmda ishlashga odatlandim. Qo'l siltagim kelgan paytlar ham bo'ldi, biroq menda tanlov imkoni yo'qligini tushundim, chunki mening zimmamda o'quvchilar va ularning ota-onalari oldidagi mas'uliyat bor edi. Ular bepul o'qigan taqdirlarida ham, bu bolalarning kelajagi bizga bog'liq, degan his qamrab olgan edi.

Ariza topshirishning so'nggi davrida — bu dekabr-yanvar oylariga to'g'ri keladi — kuniga 12−14 soatlab ishlagan paytlarimiz bo'ldi. Bir safar Yangi yil kechasi ertalab soat 8 da uyg'onib, tungi 11 gacha ishlaganman. Shundan keyin oila davrasida bayramni nishonlaganman, tungi soat birdan esa yana arizalar ustida ishlashga kirishganman.

Universitetda talabalar zimmasiga katta hajmdagi akademik ish tushadi, shuning uchun ulardan faqat bir nechtasi o'z loyihalarini ishlab chiqishga muvaffaq bo'ladi. Men yuqori ball olish uchun imkon qadar kamroq vaqt sarflashni xohlayotganimni darhol payqadim. Bordiyu Freshman Academy bilan mashg'ul bo'lmasdan, korporativ muhitga qo'shilganimda, menga minimal baholar kerak bo'lardi. Va men aynan shunga harakat qildim.

«
Biroq, o'qishni tamomlaganimdan so'ng korporativ madaniyatga qo'shilmadim, chunki biz ishga tushirgan jarayonni to'xtatib bo'lmasligini tushundim. Abituriyentlar har yili ularga yordam va yo'l-yo'riq ko'rsatishlarini kutishadi.

»
Bakalavriatni 2022-yili tamomladim. Aksariyat mamlakatlarda odat tusiga kirganidek, grant dasturining bitiruvchisi sifatida Singapurda uch yil ishlashim kerak. Grant asosida o'qigan do'stlarimning ko'pchiligi korporativ muhitga kirib, yirik kompaniyalarda ishlay boshladi.
Yale-NUS kollejida bitiruv oqshomi
Men o'z kompaniyam — Freshman Academy'ni ochishga qaror qildim. Ya'ni, o'zimga o'zim ish beruvchi bo'ldim. Shu uch yilni, har doimgidek, shunchaki Singapurdan turib, onlayn ishlab o'tkazaman. Loyihamiz nafaqat MDHda, balki xalqaro bozorda ham xorijiy oliy o'quv yurtlariga o'qishga kirishga tayyorlash sohasidagi boshqa kompaniyalar orasida yetarlicha raqobatbardosh. Biz asosan Ayvi Ligasi universitetlariga o'qishga kirish uchun tayyorlashga ixtisoslashganmiz. Natijalarimizni global raqobatchilarniki bilan taqqoslash mumkin, chunki MDHda shunga o'xshash ish bilan shug'ullanadigan uch-to'rttagina jamoa bor, xolos.
Bugungi Freshman Academy
Loyiha dunyoning eng yaxshi universitetlarida tahsil olayotgan yoki ular bilan hamkorlik qiladigan iqtidorli yoshlarning butun boshli hamjamiyatiga aylandi. Bizda turli moliyaviy imkoniyatga ega bo'lganlar uchun ko'plab kurslar mavjud: ingliz tili yoki matematika bo'yicha SAT'ga tayyorgarlik, ingliz tili bo'yicha chuqurlashtirilgan kurs, IELTS'ga tayyorgarlik, dasturlash kurslari, universitetoldi dastur, maslahatlar, shuningdek, o'qishga kirishda to'liq yordam ko'rsatish bo'yicha guruh shaklidagi va individual dasturlar.

Universitetoldi dastur dunyoning eng yaxshi universitetlaridagi ta'lim jarayoniga taqlid qiladi. Darhaqiqat, biz ushbu universitetlarning materiallarini olganmiz va o'quvchilarimiz yaqinlashib kelayotgan akademik yuklamaga tayyor bo'lishlari uchun mazkur materiallarni ikki oylik kursga joylaganmiz.
Individual hamrohlik dasturi — yetarlicha qimmat kurs, chunki abituriyentlar bilan yakkama-yakka ishlaymiz, ularning insholarini tahrir qilamiz. Biz qabul komissiyasi motivatsion xatlarni qanday o'qishini, bizning madaniy kontekstimizdan nimani tushunishini va nimani tushunmasligini juda yaxshi bilamiz. Shu bois, vazifamiz — abituriyentning hikoyasini komissiyaga tushunarli bo'lgan tilga moslashtirish, komissiya uchun muhim bo'lgan jihatlarga to'g'ri urg'u berish. Ko'pincha, 650 so'zdan iborat motivatsion xat yozish uchun 50−60 sahifalik manba matni kerak bo'ladi.

Amerikada bunday xizmatlar juda katta pul turadi, chunki buning uchun katta gazetalarning muharrirlari, deyarli yozuvchilar yollanadi. Aslida, Freshman Academy xatlarni yozishning ana shunday darajasida raqobatlashadi. Bizning individual ko'magimiz ham aynan shunda.

«
Biz xayriya loyihasi emasmiz, biroq ishimizning ijtimoiy ta'siri haqida o'ylamasdan ilojimiz yo'q. Bizning g'oyamiz shundan iboratki, abituriyentlar tayyorgarlik bosqichidan o'qishga kirgunga qadar va o'qishga qabul qilinganidan tahsil jarayonining o'ziga qadar turli shaklda yordam olishlari mumkin bo'lsin. Qo'shimcha dasturlarda yordamni hatto uning uchun haq to'lash imkoniyatiga ega bo'lmagan o'quvchilar ham olishlari mumkin. Masalan, moliyaviy resurslari yetarli bo'lmagan, lekin akademik jihatdan juda kuchli o'quvchilar bor. Biz ularga kurslarimizda o'qishni, keyin esa Freshman Academy'da ishlashni taklif qilamiz.

»
Ko'pincha bizga shunday ota-onalar murojaat qiladiki, "qancha kerak bo'lsa, to'lashga tayyor", faqat farzandi Garvardda o'qisa bo'ldi. Odatda bunday ota-onalarga rad javobini beramiz, chunki biz uchun abituriyentlar Ayvi Ligasida o'qish ularga nima uchun kerakligini yaxshi tushunishlari juda muhim. Agar talaba Garvardga o'qishga kirsayu, biroq bu ta'limni uddalay olmasa, biz uchun bu katta muammo bo'ladi, chunki uning o'rnida boshqa bir iqtidorli o'zbekistonlik bo'lishi mumkin edi. Shuning uchun biz o'zimiz ishongan talabalar bilan ishlaymiz.
реклама
реклама
O'qishga kirish uchun tayyorlov bozoridagi kuchli raqobatga qaramay, Freshman Academy'da Ayvi Ligasiga o'qishga kirgan talabalari soni bo'yicha ham, o'qituvchilar tarkibi salohiyati bo'yicha ham Markaziy Osiyoda yetakchilik qiladigan jamoa faoliyat olib boradi. Barcha dasturlar uchun bizda taxminan 25 kishi ishlaydi. Bular, asosan, dunyoning eng yetakchi universitetlarida o'qiyotgan yoki tamomlayotgan o'z bitiruvchilarimizdir.

Oramizda, shuningdek, Virjiniya shtati Siyosat va boshqaruv texnologiyasi instituti katta ilmiy xodimi doktor Lyusena Kirakosyan ham bor. U Admission Program guruhida hamrohlik dasturi bo'yicha dars beradi va abituriyentlarga qabul jarayoni, tadqiqot ishlari va motivatsion xat yozishni batafsil tushunishga yordam beradi. Bizning ishimizda aynan shunday salohiyatga ega odamlarni yollash zarur.
Akademiyaning yutuqlari
Uch yilda Freshman Academy kurslarini 1000 ga yaqin abituriyent tamomladi, ularning yetti nafari Ayvi-Ligasidagi va yana o'nlab boshqa abituriyentlar jahonning reytinglarda yuqori o'rinlarda turuvchi universitetlariga o'qishga kirdi. Ularning aksariyati to'liq moliyalashtirish asosida o'qiydi va bari bo'lajak yirik siyosatchilar va biznesmenlar bilan birga tahsil olmoqda.
Masalan, bitiruvchilarimizdan Umid Usmonov — O'zbekistondagi davlat maktabini tamomlab, Yel universitetining bakalavriat bosqichiga o'qishga kirgan birinchi o'zbekistonlik talabadir. Undan keyin qoraqalpog'istonlik Rustam Nuriyev va jizzaxlik Murod Abduxoliqov Yel universitetiga qabul qilindi. Samarqandlik va qozog'istonlik o'quvchilarimiz Kolumbiya universitetiga o'qishga kirdi. Stenford, Prinston universitetlarida, Abu-Dabidagi Nyu-York universitetida, Kaliforniyadagi Berkli universitetida ham bitiruvchilarimiz bor.
Freshman Academy bitiruvchilari bilan Samarqanddagi uchrashuv
Bularning bari yetarlicha kuchli universitetlar bo'lib, ularda uzoq vaqt davomida O'zbekiston vakillari bo'lmagan. Talabalarimiz Yel universitetidagi ilk Markaziy Osiyo klubi — Asian Crossroads at Yale'ga asos soldi. Bu Markaziy Osiyo bo'yicha muhokamalarni qo'llab-quvvatlaydigan va mintaqadagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotning ahamiyatini oshirishga intiladigan talabalar tashkilotidir. Bu tajribani bitiruvchilarimiz tahsil olayotgan boshqa universitetlarga ham tatbiq etishni rejalashtirganmiz.

Yel universiteti Navro'z bayramini o'tkazish uchun talabalarimizga 4000 dollar ajratdi. Bayramga talabalar, professor-o'qituvchilar va universitet rahbariyati tashrif buyurdi.

Talabalarimizning grantlari kishi boshiga 400 ming dollargacha yetadi, o'qishga kirgan barcha talabalar olgan mablag'ning umumiy miqdori 10 mln dollarni tashkil qiladi. Onlayn format bizga Janubiy Amerika, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyodan bo'lgan abituriyentlar bilan ishlash imkonini bermoqda.
O'zbekiston davlat maktablari bitiruvchilari Ayvi Ligasiga o'qishga kira oladimi?
So'nggi ikki yilda shuni payqadikki, O'zbekistonning oddiy maktablarini tamomlab [xorijiy oliygohlarga] o'qishga kirayotgan o'quvchilar kam emas. Ilgari biz buni qiyin yoki imkonsiz deb o'ylardik, endi esa davlat maktabi bitiruvchilari uchun kirish hattoki osonroq ham deb o'ylayapmiz.

Birinchidan, ularning bo'sh vaqti ko'proq, chunki xususiy maktablarda bolalar turli xil dars va darsdan tashqari mashg'ulotlar bilan band qilinadi, ularning kunlik grafigi to'la. Davlat maktabida imtihonlarga tayyorgarlik ko'rish va darsdan tashqari mashg'ulotlar uchun nisbatan ko'proq bo'sh vaqt bor. Siz darslarda yaxshi baho olishingiz va shu bilan bir vaqtda o'z ishlaringiz bilan band bo'lishingiz mumkin, chunki sinfdoshlar o'rtasidagi raqobat unchalik yuqori emas. Xususiy maktablarda esa bolalar darsdan keyin nima bilan shug'ullanishini ko'pincha ularning o'rniga hal qilib qo'ygan bo'lishadi.

«
Ikkinchidan, oddiy davlat maktabida o'z sinfida eng zo'ri bo'lish osonroq. Ularda turli to'garaklar ko'p emas, shuning uchun ularni siz o'zingiz ochishingiz mumkin. Bundan tashqari, davlat maktablari o'quvchilarida turli to'garak va loyihalari mavjud bo'lgan xususiy maktablarda o'qiydigan bolalarga qaraganda tanlov imkoniyati ko'proq. Davlat maktabida yetakchi bo'lish va yetakchi sifatida rivojlanish osonroq.

»
Garvard, Yel universiteti va boshqalar birinchi navbatda aynan shunga e'tibor qaratadi: ular maktablarni taqqoslamaydi, balki o'z muhitingizda qanday bo'lganingiz, maktabda faol bo'lganmisiz yoki yo'q — shunga baho beradi. Agar javob "ha" bo'lsa, siz ariza berishda allaqachon raqobatbardoshsiz.
Uchinchidan, oddiy maktab o'quvchilarida qiziqarli va jonli hikoyalar ko'p bo'ladi, ular xususiy maktab o'quvchilarida uchramaydigan muayyan muammolarni yengib o'tadi. Faqat ularni to'g'ri ifodada hikoya qilib berish kerak.

Masalan, Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi qishloqdan bo'lgan bitiruvchimiz Murod Abduxoliqov 2018-yilgacha internetdan muntazam foydalanish imkoniga ega bo'lmagan. Unda internetdan doimiy foydalanish imkoni unda to'rt yil avval paydo bo'lgan, natijada u [darslarni] nafaqat yetkazib olishga, balki juda kuchli akademik darajagacha ko'tarilishga muvaffaq bo'ldi.
реклама
реклама
Murod hozir Yel universitetida sun'iy intellekt va falsafa bo'yicha tahsil olyapti. U shaxsiy xarajatlar uchun to'liq moliyalashtirish va shaxsiy xarajatlari uchun har semestrda beriladigan 3500 AQSh dollari sohibiga aylandi. 2023-yil avgustida AQShga uchib ketdi.

«
Barcha abituriyentlar ingliz tilini yaxshi darajada bilishi va xorijiy ta'lim tizimi haqida tushunchaga ega bo'lishi kerak. Bular odatda davlat maktablarida o'rgatilmaydi, biroq bu loyihamiz resurslari bilan yoki internet vositasida qoplanishi mumkin bo'lgan narsa.

»
Qabul komissiyasi uchun darsdan tashqari yutuqlar juda muhim. O'quvchilarimiz LinkedIn'dan foydalanadi va O'zbekistondagi davlat idoralari va tashkilotlariga, turli kompaniyalarga biror bir loyihada ko'ngilli (volontyor) sifatida ishlashni so'rab to'g'ridan-to'g'ri xat yozadi. Ular ingliz tilini yaxshi bilishini alohida ko'rsatib o'tadi va odatda ijobiy javob oladi.

Dunyoda o'rta maktab o'quvchisi to'g'ridan-to'g'ri davlat idoralariga xat yozishi va u yerda qandaydir volontyorlik lavozimini so'rashi mumkin bo'lgan davlatlar kam. O'quvchilarimiz kimsan senatorlarga yordamchi bo'lgan holatlar ham bor. Mamlakatda malakali kadrlar ko'proq bo'lishini, talabalarning ta'lim olish, o'qishga kirish va grant olish uchun barcha resurslarga ega bo'lishini xohlaydigan odamlarning hamjihatligi va mas'uliyatliligi ana shunday.
IBRAT Language Camp yetakchilaridan biri Sirojiddin Olimov bilan
Masalan, eng yaxshi universitetlarga o'qishga kirgan talabalarning o'qishini moliyalashtirib beradigan dasturlar bor. Yoshlar ishlari agentligining IBRAT Language Camp loyihasi ham ana shu katta siyosatning bir qismi. Biz loyihaga o'quvchilarni tanlab olish tizimini shakllantirish va darslar dasturini ishlab chiqishda yordam berdik. 35 nafar o'quvchimiz bu oromgohda mashg'ulotlar olib bordi va o'z tajribalari bilan o'rtoqlashdi. Shu bois loyihamiz ta'limni rivojlantirish bo'yicha katta davlat strategiyasi doirasida olg'a siljiyotganini his qilyapmiz.
Freshman Academy va uning o'quvchilarining rejalari
Ko'pchilik Freshman Academy'ni o'quv markazi deydi, biroq biz o'zimizni davlat idoralari va o'quvchilar o'rtasida hamkorlik o'rnatishga yordam beruvchi jamoa deb bilamiz. Bizning missiyamiz bitiruvchilarimiz O'zbekiston manfaatlarini ilgari surishlari va turli sohalarda O'zbekistonni yuqori saviyada namoyon etishlarini ta'minlashdan iborat.

Kelajakda o'quvchilarimiz va boshqa bilim hamda tajribaga ega bolalarning biznes loyihalarini doimiy qo'llab-quvvatlash maqsadida Freshman Academy negizida biznes akselerator yaratish g'oyasi bor.

«
Ayrim o'quvchilar chet elda o'qish istagini bildiradi, chunki „Amerikaga ko'chib o'tishni" xohlaydi. Odatda bundaylarni rad etamiz, chunki Amerikada shundog'am mavjud bo'lgan va vatanga qaytmaydigan iste'dodlarni yetishtirishdan manfaatdor emasmiz.

»
Albatta, bitiruvchilarimiz ko'chib ketmasligiga ishonchimiz komil emas. Biroq, 10 yildan so'ng qandaydir statistikani ko'rishimiz mumkin, deb o'ylayman. Shu bilan birga, uyiga qaytayotgan, shu yerda amaliyot o'tayotgan talabalar ham bor.

Masalan, Umid Usmonov To'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar jamg'armasida amaliyot o'tayapti va Yel universitetida tahsil olish tajribasi bilan o'rtoqlashyapti. Qoraqalpog'istonlik Rustam Nuriyev Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi bilan ishlayapti. Ukam Vashingtondagi Amerika universiteti va Yale-NUS'da O'zbekiston, Markaziy Osiyo, postsovet hududi tarixi bo'yicha tadqiqot olib boryapti.
Albatta, o'quvchilarimiz qayerni makon tutishini bilmayman, biroq ularning har biri u yoki bu darajada O'zbekiston bilan bog'liq va uni xalqaro maydonda namoyon etmoqda.

Talabaning nomzodi ustida ishlayotganimizda, doim shunday savol qo'yamiz: "Ular hujjat topshirayotgan oliy o'quv yurtlarida oladigan bilimlari bilan O'zbekistonning qanday muammolarini hal qila oladi?". Biz arizada yozgan javob ko'pincha ularning kelgusidagi rivojlanish rejasi sifatida foydalaniladi.
Yoshlarga maslahat
Rejalarni o'zgartirishdan qo'rqmang. Albatta, maqsadga erishish uchun qayta va qayta urinib ko'rish kerak, biroq har doim zaxira reja ham bo'lishi kerak. Agar ikkinchi urinishda ham o'qishga kirolmaganimda, Toshkentdagi Vestminster universitetini tanlagan bo'lardim, keyinchalik magistrlik darajasini xorijda olgan bo'lardim. Maqsadni usul bilan chalkashtirmaslik kerak. Bir usul ish bermasa, qo'rqinchli joyi yo'q. Yo'nalishni o'zgartirish va moslashuvchanlikning aybi yo'q.

«
Ko'pchilik Garvardga o'qishga kirishning o'zini maqsad deb o'ylaydi. Aslida esa bu yanada kattaroq narsaga erishishda yordam beruvchi bir vosita. Amerikaga borish uchungina Amerika universitetini tanlash yoki Yevropaga borish uchungina Yevropa universitetini tanlash — ta'lim uchun bu juda reja.

»
Bakavlavriat bosqichida o'qish uchun hatto O'zbekistondagi davlat universitetlari ham yaxshi tanlov hisoblanadi. Masalan, shundan keyin magistratura bosqichini xorijda o'qish uchun mablag' olish mumkin.

Maqsad nima ekanini tushunish uchun chuqur o'ylash kerak. Qayerda o'zingizni aldashga urinyapsizu, qayerda ruhingizni ko'tarishga harakat qilyapsiz — shuni bilishingiz, tanlagan usulingiz ish bermayotganini tushunishga harakat qilishingiz kerak.
Freshman Academy
Matnni Sabina Dauletmurodova tayyorladi.
Fotosuratlar Valeriy Arakelyanning shaxsiy arxividan.

Matn va barcha grafik materiallarga bo'lgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting