Niderlandiya parlamenti Ikkinchi Jahon Urushidan beri birinchi marta komendantlik soatini joriy etdi

Niderlandiya parlamenti hukumatning mamlakatda vaqtinchalik komendantlik soatini joriy etish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi. Ushbu chora 23 yanvar kuni kuchga kiradi. Komendantlik soati mahalliy vaqt bilan 21:00 dan 04:30 gacha amal qiladi. Ushbu davrda odamlarga ko‘chalarda faqat alohida holatlarda harakatlanish huquqi beriladi. Ishga boradigan fuqarolar ish beruvchisi tomonidan imzolangan maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lishlari kerak. Itlarni ko‘chada sayr qildirishga ruxsat beriladi, lekin faqat bitta oila a’zosiga. Kechasi shoshilinch xizmatlar va oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni uyga yetkazib berish xizmatlari o‘z faoliyatlarini davom ettirishi mumkin. Bu Ikkinchi Jahon Urushidan beri birinchi marta mamlakatda komendantlik soatining joriy qilinishi. Qoidani buzganlik uchun 95 yevro miqdorida jarima solinadi. — TASS.

Yaponiyada o‘z joniga qasd qilishlar soni 10 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor oshdi

Yaponiyada o‘z joniga qasd qilish darajasi 2020 yilda koronavirus pandemiyasi sharoitida oshdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda Yaponiyaning 20 919 fuqarosi o‘z joniga qasd qildi, bu 2019 yilga nisbatan 3,7 foizga ko‘pdir. Shu davr mobaynida koronavirusdan 3460 kishi vafot etgan. Ayollar va bolalar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish darajasining sezilarli o‘sishi qayd etildi. 2020 yilning dastlabki sakkiz oyida 300 dan ortiq maktab o‘quvchilari o‘z joniga qasd qilishga urinish natijasida vafot etdi, bu 2019 yilning shu davriga nisbatan 30 foizga ko‘pdir. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiyada o‘z joniga qasd qilishning eng yuqori darajasi 2003 yilda kuzatilgan (taxminan 34 ming holat). — The Japan Times.

Rio-de-Janeyroda karnaval bekor qilindi

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri rahbari Eduardo Payes koronavirus pandemiyasi sababli bu yil mashhur karnavaldan voz kechish to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi. «Men hech qachon karnavalga bo‘lgan ehtirosimni yashirmaganman va bu madaniy tadbirning shahrimiz uchun iqtisodiy ahamiyatini tushunaman. Ammo hozir, menimcha, iyul oyida karnavalni tashkil qilishimiz aql bovar qilmas ishga o‘xshaydi» — dedi Payes va shunday deb qo‘shimcha qildi: «Ushbu bayram davlat idoralari, uyushmalar va samba muassasalaridan katta tayyorgarlikni talab qiladi. Ayni paytda hamma narsani tartibga solish mumkin emas. Shunday qilib, shuni ma’lum qilmoqchimanki, 2021 yil o‘rtalarida bizda karnaval bo‘lmaydi». — Eduardo Payesning Twitter’dagi sahifasida.

Buyuk Britaniyada o‘z-o‘zini yakkalaganlarga pul to‘lanishi mumkin

Buyuk Britaniya hukumati fuqarolarda koronavirus aniqlangan bo‘lsa va ular uyda o‘z-o‘zini yakkalashsa ularga pul to‘lashni taklif qilmoqdalar. Rasmiylarning ta’kidlashicha, fuqarolarning ko‘pchiligi karantin qoidalariga rioya qilmaydi hamda kasalikka test topshirishdan qochmoqda. Ushbu qonun loyihasi hali tasdiqlanmagan. Ushbu to‘lov oyiga beriladi va 500 funt sterlingni (685 dollar) tashkil etadi. Ayni paytda faqat eng kam daromad topadigan odamlar moddiy yordam olishadi. Loyiha uchun hukumat tomonidan taxminan 2 mlrd funt sterling sarflanishi ko‘zda tutilgan. — The Guardian.

Iroqda bir guruh amaldorlar Bag‘doddagi voqeadan keyin ishdan olindi

Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kazimiy Bog‘doddagi yirik teraktdan so‘ng mamlakat xavfsizlik idoralarining qator rahbarlarini lavozimlaridan ozod qildi. Hukumat boshlig‘ining farmoni bilan Poytaxt razvedka va xavfsizlik boshqarmasi direktori, federal politsiya boshlig‘i, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi razvedka va terrorizmga qarshi xizmat direktori va mamlakat ichki ishlar vazirining razvedka bo‘yicha o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi. 21 yanvar kuni Bog‘dodda sodir etilgan portlashda halok bo‘lganlar soni eng kamida 32 nafar, jarohatlangan esa 110 nafarga yetdi. — TASS.