Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi deputati, O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi a’zosi Olimjon To‘xtanazarov pora olayotganda ushlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura «Gazeta.uz"ga.

20 sentyabr kuni fuqaro I. M. huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilib, Namangan viloyati Pop tumanida maktab direktori bo‘lib ishlagani, 2017 yil 14 noyabrda sudlanib, vazifasidan ozod etilganini ko‘rsatib o‘tadi.

Ayol sud qaroridan norozi bo‘ladi va 3 sentyabr kuni Olimjon To‘xtanazarovga murojaat qiladi. U 500 dollar evaziga yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali muammoni hal qilishga va’da beradi. I. M. bu haqda huquqni muhofaza qilish organlariga xabar beradi, deya qayd etdi Bosh prokuratura.

Namangan viloyat huquqni muhofaza qilish organlarining hamkorlikdagi tezkor tadbirida 22 sentyabr kuni taxminan 15:00 da Olimjon To‘xtanazarov I. M. dan 500 dollar olayotganda ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan O.To‘xtanazarovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi, 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Deputat viloyat xalq deputatlari Kengashi roziligi olingan holda Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlandi.