O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov yaqinda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlari yuzasidan O‘zAga intervyu berdi. Intervyu davomida tajribali sportchilarga munosib o‘rinbosar topish bo‘yicha savol berildi.

— Odatda Osiyo o‘yinlari yana ikki yildan keyin o‘tkaziladigan navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Indoneziyada tashkil etilgan musobaqada O‘zbekiston sport delegatsiyasi tarkibida Anton Fokin, Vadim Menkov, Oksana Chusovitina singari faxriy sportchilar ham ishtirok etishdi va terma jamoa hisobiga o‘z medallarini qo‘shib qo‘yishdi. Ammo ularning yana ikki yildan keyin Tokio olimpiadasiga borish imkoniyati qay darajada va ularga munosib zaxira tayyorlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Siz sanab o‘tgan sportchilarning har biri o‘zbek sporti tarixida o‘chmas iz qoldirgan va biz buni yuksak qadrlaymiz. Indoneziyada biz tajriba va yoshlik shijoatini uyg‘unlashtirishga harakat qildik va buni uddalay oldik, deb o‘ylayman. Vadim Menkov haqiqiy professionallarga xos tarzda harakat qildi va yakunda oltin medalni qo‘lga kiritib, Osiyo o‘yinlarining to‘rt karra g‘olibligiga sazovor bo‘lgan birinchi o‘zbek sportchisiga aylandi.

Oksana Chusovitinaning tajriba va irodasi oldida bosh egmay ilojimiz yo‘q. 43 yoshida hamon yuksak sport formasini saqlab turish, 16−17 yoshli raqiblar bilan bellashib, yana sovrinli o‘rinlarga ega chiqish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Oksana yettita yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yer yuzidagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. Shuningdek, AQSHda Xalqaro gimnastika federatsiyasining «Shon-sharaf» zalidan o‘rin olgan. E’tiborlisi hamyurtimiz hali faoliyatini yakunlamay turib shon-sharaf zaliga kiritilgan dunyodagi birinchi gimnastikachi sifatida tarixga kirdi. Jakartada Oksana o‘zining sevimli yo‘nalishi — tayanib sakrashda kumush medalni qo‘lga kiritdi. Agar Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlariga qadar ana shunday yuksak sport formasini ushlab tura olishsa, biz bu sportchilarimizning Olimpiadada ishtirok etishlari uchun barcha kerakli sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.

Shu bilan birgalikda ushbu sportchilarimizni kelajakda ustozlik rolida ko‘rish istagimiz bor. Maqsadimiz ularni murabbiylik ishiga jalb qilib, ulkan tajribasidan foydalanish, yosh avlod tarbiyasini ularga ishonib topshirish va o‘zlariga o‘xshagan haqiqiy professional yulduzlarni yetishtirib berishlarini ta’minlashdan iborat. Zaxira masalasiga kelsak, sizni ishontirib aytamanki Tokio Olimpiadasida bir necha yangi nomlarni ko‘rasiz. Bu borada hozir katta hajmda ish olib borilmoqda. 6 oktyabr kuni Buenos-Ayresda start oladigan III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari ham ko‘p narsaga oydinlik kiritib berishi kerak.