O‘zbek milliy raqs san’atini dunyoga targ‘ib qilish, mamlakatda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu festivalda 17 xorijiy davlatdan, shuningdek, O‘zbekistonning barcha hududlaridan kelgan badiiy raqs jamoalari, san’atkorlar, olim va tadqiqotchilar qatnashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Xalqaro festival doirasida shuningdek «Raqs san’atida milliy an’analarning ahamiyati» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Urganch tumanidagi O‘zbek — Turkman do‘stlik uyida tashkil etilgan ushbu konferensiyada raqs san’ati, uning tarixi va amaliyotiga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan qator xorijlik va yurtimiz olimlari, tadqiqotchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Konferensiya ishidagi mutaxassis, olim va tadqiqotchilarning ilmiy ishlari, loyihalari alohida to‘plam holida nashr etilishi ko‘zda tutilgan. Festival doirasida xorijlik mehmonlar uchun «Xon qabuli» deb nomlangan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi tashkil etildi. Bundan tashqari, milliy hunarmandchilik buyumlari savdo-ko‘rgazmasi, «Raqs sehri» fotoko‘rgazmasi, tasviriy va amaliy san’at asarlari badiiy ko‘rgazmalari namoyishi, «Milliy va zamonaviy liboslar» ko‘rgazmasi, «Milliy qo‘g‘irchoq o‘yinlari» tomoshalari, nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash va tiklashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xalq o‘yinlari ham ishtirokchilar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi. Raqs bayramining yopilish marosimida festival doirasida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi.

«Eng ko‘p muxlis olqishiga sazovor bo‘lgan raqs ijrochisi» nominatsiyasida italiyalik san’at ustasi Ambrodjio Sparanya boshchiligidagi san’atkorlar guruhi g‘olib, deb e’tirof etildi. «O‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atini xorijda targ‘ib qilish» nominatsiyasi g‘olibligi yaponiyalik Mashu Komazaki hamda AQSHlik Lourel Viktoriya Grey xonimga topshirildi. «Eng yaxshi xorijlik raqs ijrochisi» deb indoneziyalik Asri Dvi Xapsari topilgan bo‘lsa, «O‘zbek milliy raqsi borasidagi ilmiy tadqiqotlari uchun» yo‘nalishida g‘oliblikka hindistonlik professor Shekxar Chander sazovor bo‘ldi. Shuningdek, «Eng yosh raqs ijrochisi», «Eng ko‘rkam milliy raqs libosi», «Eng yaxshi yakkaxon ayol raqqosa», «Eng jozibali raqs ijrochisi» kabi nominatsiyalar bo‘yicha yurtimizning turli hududlaridan kelgan raqs jamoalari, yakkaxon raqqos va raqqosalar taqdirlandi.

Tadbir yakuniga bag‘ishlangan gala-konsertda O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari va xorijlik mehmonlar ham ishtirok etdi. Festivalning yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullayev, Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi F.Ermanov g‘olib va sovrindorlarni taqdirlashdi.