O‘zbekiston va Islom taraqqiyot banki (ITB) mamlakatga 1,3 mlrd dollarlik mablag‘ ajratishni ko‘zda tutuvchi 2018−2021 yillarga mo‘ljallangan strategik hamkorlik bitimini imzoladi, deya xabar qilindi seshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan «ITB Guruhi kuni» anjumanida.

Hujjatga O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Suxrob Xolmurodov hamda O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘lib turgan ITB prezidenti Bandar Hajar imzo chekdi.

Bandar Hajar so‘zlariga ko‘ra, bank iqtisodiyot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

ITB ma’lumotlariga ko‘ra, ajratilayotgan kreditlarning 475 mln dollarini energetika, transport va shaharlarni rivojlantirish, 300 mln dollari — qishloq joylarda turar joylar va infratuzilmalarni qurish, 140 mln dollari — ijtimoiy rivojlantirishga va 85 mln dollari — mamlakatda xususiy biznes loyihalariga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston 2003 yildan buyon ITB a’zosi hisoblanadi. Avval bank sog‘liqni saqlash, ta’lim, irrigatsiya va melioratsiya, energetika, suv ta’minoti, kommunal xo‘jalik, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi 26 ta loyiha uchun 1,4 mlrd dollar ajratgan edi.