Joriy yilning 18 sentyabr kuni soat 07:30 lardafuqaro V.Qobilov boshqaruvidagi «Vobkent Gulshani» MCHJga tegishli bo‘lgan, «ISUZI» rusumli, 80 Y 120 KA davlat belgili avtobus Kogon tumanidagi «Zelich oil» metan gaz quyish shahobchasidan yoqilg‘i quyib, taxminan 700 metr masofa yurgandan so‘ng, mazkur A380 avtomobil yo‘li «Kogon-Qorovulbozor» yo‘nalishining 201 km.da harakatlanib ketayotganida, avtoulov gaz baloni portlagan.

Natijada, avtobusda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 26 nafar fuqaro jarohatlanib, ularning 4 nafari hodisa joyida va 1 nafari shifoxonadavafot etgan, qolgan 21 nafar yo‘lovchining 5 nafari og‘ir, 7 nafari o‘rta og‘ir hamda 9 nafari yengil ahvolda, 5 nafar og‘ir bemor Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga, qolganlari esa Kogon shahar shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga yotqizilib, ularga shifokorlar tomonidan malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan 2018 yil 18 sentyabrda viloyat IIB TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 259-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari viloyat IIB TB zimmasiga yuklatilib, viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi.

Dastlabki tergov davomida sudga oid tibbiyot, avtotexnika va yong‘in texnika ekspertizalari tayinlandi.

Shuningdek, «Zelich oil» metan gaz quyish shahobchasida avtomobillarga yoqilg‘i quyish normalariga rioya qilinishi ahvolini o‘rganish borasida, mutaxassislar jalb qilinib, o‘rganishlar olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, Qorovulbozor tumanidagi «Raxmon Axmad» fermer xo‘jaligi raisi R.Ahmedov Vobkent tumani «Pushmon» MFY, «Hayrabodcha» qishlog‘ida yashovchi G.Roziqova tomonidan 25 nafar fuqarodan iborat qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish uchun tashkil qilingan mavsumiy madad guruhi bilan fermer xo‘jaligida ekilgan makkajo‘xori so‘tasini olish uchun Vobkent tumanidan Qorovulbozor tumaniga olib ketayotgan vaqtda ushbu hodisa sodir bo‘lgan.

Jabrlanganlarning oilalariga ijtimoiy ko‘mak berish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.