Ko‘rgazmalar xalqaro biyennale bolalar badiiy ijodiyotini qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston bolalarining dunyo mamlakatlaridagi tengdoshlari bilan o‘zaro ijodiy muloqot va turli madaniyatlar haqida tasavvurni boyitish maqsadida o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan Tashqi ishlar, Xalq ta’limi vazirliklari, Yoshlar ittifoqi, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda o‘tkaziluvchi ushbu ko‘rgazmaga hozirdanoq mahalliy va xorijiy davlatlarning bolalaridan ko‘plab rasmlar kelmoqda.

Biyennalening ko‘rgazmalari Markaziy ko‘rgazmalar zali, Toshkent Fotosuratlar uyi va Xalqaro madaniyat karvon saroyi pavilonlarida bo‘lib o‘tadi. Unda 5 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar o‘z suratlari bilan qatnashishi mumkin.

Gran-pri biyennalening bosh sovrini hisoblanadi va u diplom bilan birgalikda bitta ishtirokchiga topshiriladi. Shuningdek, eng yaxshi ijodiy ish sohiblari oltin, kumush, bronza medallari, esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Ishlari ko‘rgazmaga qo‘yilgan ishtirokchilarga «Toshkent quvonchlari» IV xalqaro bolalar rasmlari biyennalesining sertifikatlari beriladi.

Turli davlat va nodavlat tashkilotlar, xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari tomonidan «Mavzuni eng yaxshi yoritganligi uchun», «Kasbiy mahorat uchun», «Ijodiy xayolot» va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha rag‘batlantiruvchi sovrin hamda mukofotlar ta’sis etilgan.