UzCard kompaniyasi shanba kuni sodir bo‘lgan nosozlikdan so‘ng tizim faoliyatini qisman tikladi, deya xabar qildi Yagona umumrespublika protsessing markazi (YAUPM) bosh direktori Ahror Mahmudov “Gazeta.uz"ga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda tijorat banklari bilan so‘nggi tranzaksiyalar ma’lumotlarini solishtirish jarayoni kechmoqda.

Ma’lumot uchun: YAUPM har bir kun yakunlari bo‘yicha banklarga qoldiq mablag‘lar va ular mijozlari operatsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi. Ushbu ma’lumotlar asosida bank mijoz kartochka hisobi bo‘yicha operatsiya o‘tkazadi.

“Biz tizimni to‘liq uladik. Ayni paytda tijorat banklariga ma’lumotlar yuborilmoqda. Shundan so‘ng banklar o‘z ABTlaridagi (avtomatlashtirilgan bank tizimi — tahr.) barcha ma’lumotlarni solishtirib chiqadi, 2018 yil 15 sentyabr uchun bank kunini yopamiz va terminallarni ishga tushiramiz”, — dedi Ahror Mahmudov.

Dushanba kuni ertalabdan PayMe va CLICK to‘lov xizmatlarida ayrim foydalanuvchilar hisobidagi qoldiq mablag‘lar aks etishni boshladi, biroq to‘lovlarni amalga oshirish hozircha ilojsiz.

“Barchasi bosqichma-bosqich yoqiladi. Yaqin soatlarda barchasi shtat rejimida ishlashni boshlashi kerak”, — dedi YAUPM rahbari.