Yangiyo‘lda «Yangibog‘» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va mas’ul kotibi mahallada istiqomat qiluvchi nafaqaxo‘rlardan 25 ming so‘mdan yig‘ib olgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi mediamarkaz xabar qildi.

Lavhada qayd etilishicha, yig‘ib olingan pullar qariyb 1,5 mln so‘mni tashkil etgan. Pullar Farg‘ona vodiysidan kelgan terimchilarning har birini 750 ming so‘mdan yollashga mo‘ljallangan.

Hodisa haqida yangiyo‘llik fuqaro «Paxta-2018» Telegram-boti orqali murojaat yo‘llaganidan so‘ng ma’lum bo‘ldi. mazkur bot huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev tomonidan paxta yig‘im-terimi vaqtida qonun buzilishi holatlari haqida ma’lumot to‘plash maqsadida tashkil etilgan.

Fuqaro 15 ta mahallada istiqomat qiluvchi nafaqaxo‘rlardan paxta kampaniyasi uchun pul yig‘ilayotgani xabar qilingan. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda faqatgina «Yangibog‘» mahallasida 71 nafar nafaqaxo‘rdan pul yig‘ilgani ma’lum bo‘ldi.

Yangiyo‘l prokurori Asliddin Toshpo‘latovning so‘zlariga ko‘ra, nafaqaxo‘rlardan pullarni mahalla mas’ul kotibi yig‘ib chiqqan. Tekshiruv vaqtida u huquqni muhofaza qilish organlariga kim qancha pul bergani yozib borilgan daftarni topshirgan.

Barcha pullar o‘z egalariga qaytarilgan.

«Yangibog‘» mahallasi raisi va kotibiga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200- moddasi (o‘zboshimchalik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.