O‘zbekiston markaziy banki 15 sentyabr kuni kechqurun sodir bo‘lgan UzCard chakana to‘lov tizimi faoliyatidagi nosozlik haqidagi bayonotni e’lon qildi.

Dasturiy nosozlik natijasida bank kartalari bo‘yicha barcha turdagi operatsiyalar, jumladan savdo terminallari orqali to‘lovlarni qabul qilish va bankomatlar orqali naqd pullarni yechib olish bo‘yicha operatsiyalar to‘xtab qoldi, deyiladi xabarda.

Nosozlik yuzaga kelgan vaqtdan MB mutaxassislari dasturiy ta’minot dasturchilari bilan birgalikda UzCard tizimi faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha yordam ko‘rsatmoqda.

“Ayni vaqtda tizimni qayta tiklashning birinchi bosqichi yakunlandi — to‘lov kartalaridagi qoldiqlar haqidagi ma’lumotlar bazasi tiklandi. Ikkinchi bosqich — to‘lov terminallari faoliyatini qayta tiklash — kun davomida yakuniga yetkaziladi”, — deya xabar qildi MB.

Fuqarolar zarurat tug‘ilganida kerakli miqdordagi naqd pulni olish uchun ularga xizmat ko‘rsatuvchi banklarga murojaat qilishlari mumkin. Bunda bank kartasi ochilgan bankka murojaat qilish lozim, terminallar faoliyati qayta tiklanganidan keyin esa har qanday bankning istalgan filialiga murojaat qilish mumkin.

“Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda mamlakatning barcha viloyatlaridagi barcha bank filiallarini kerakli hajmdagi naqd pul bilan ta’minlash bo‘yicha ish olib bordi”, — deyiladi bayonotda.

“Markaziy bank sodir bo‘lgan hodisani e’tiborsiz qoldirmaydi. Qonunchilikka Markaziy bankning chakana to‘lov tizimlarining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida ular ustidan nazorat o‘rnatishi va faoliyatini muvofiqlashirish bo‘yicha huquq va majburiyatlarini belgilab beruvchi o‘zgartirishlar kiritish tashabbusi ilgari suriladi”, — deyiladi bayonotda.