Fazliddin G‘oyibnazarov 20 oktyabr kuni AQSHning Nevada shtati Las-Vegas shahrida professional ringdagi navbatdagi jangini o‘tkazadi. O‘zbekistonlik bokschiga asli kelib chiqishi meksikalik, hozirda AQSH sharafini himoya qilayotgan Vilbert Lopez raqiblik qiladi. Bu haqda olamsport.com ashri xabar berdi.

Yigirma uch yoshli Lopez professional boksdagi faoliyatini 2013 yilning 17 may kuni boshlagan. Shu kungacha 32ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning 23tasida g‘alaba qozongan. O‘n beshta jangda raqiblarini muddatidan avval mag‘lubiyatga uchratgan. To‘qqizta jangda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan, bittasi nokaut bilan. Vilbert chapaqay bokschi hisoblanadi. Bu yil hisobidan 3 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida zafar quchgan.

Fazliddin G‘oyibnazarov esa 5 ta jangning barchasida g‘alabaga erishgan. U hozircha so‘nggisi bo‘lib turgan jangini 15 iyul kuni amerikalik Kevin Jonsonga qarshi o‘tkazib, raqibini 78:74 hisobida mag‘lub etgan edi. Bu bilan Fazliddin raqibiga faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatini taqdim etgandi.