12 sentyabr kuni Toshkentdagi «Universal» sport majmuasida MDHga a’zo davlatlar harbiy xizmatchilari o‘rtasida armiya qo‘l jangi bo‘yicha xalqaro chempionatning final bahslari yakuniga yetdi.

O‘zbekiston harbiy xizmatchilari yakka bahslarda beshta birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, musobaqa g‘olibiga aylandi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Serjant Shaxboz Tursunov (-60 kg), shartnoma bo‘yicha oddiy askarlar Olim Normurodov (-65) va Otabek Hamzaliyev (-70), serjant Jahongir Jumayev (-75) hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Akademiyasi kursanti Bekzod Nurmatov (-85) oltin medallarga sazovor bo‘ldi.

Qolgan ikki vazn toifasida rossiyalik harbiy xizmatchilar — leytenant Zoriko Galsanov (-80) va Anatoliy Tokov (-90) eng yaxshi natijalarni qayd etdi.

Umumjamoa hisobida O‘zbekiston armiyachilari birinchi, Rossiya ikkinchi va Qirg‘iziston uchinchi bo‘ldi.

Armiya qo‘l jangi chempionatida Rossiya, Belorus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

Video

Foto