Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev juma kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston qariyb 80 yildan buyon ilk marotaba paxtani avval hech qachon qo‘llanilmagan uslubda yig‘ib olishini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yillarda respublikada paxta hosilini yig‘ib olish rejasi o‘rnatilgan. Mazkur rejani cheklangan muddatda (40 kun) yig‘ib olish uchun juda katta miqdordagi mehnat resurslarini safarbar qilishga to‘g‘ri kelgan.

«Mehnatga kam haq to‘lansa, hech kim ko‘ngilli ravishda chiqmagan va paxta terishni xohlamagan. Tabiiyki, shunday holatlar bo‘lganki, talabalar paxta terishga chiqarilgan, shunday holatlar bo‘lganki, bolalar maktablardan chiqarilgan. Eng katta muammo — byudjet tashkilotlari. Joylardagi davlat hokimiyati organlari bolalar bog‘chalari, maktablar, sog‘liqni saqlash organlarini majburlagan. Avvallari hokimiyat binosining o‘ziga: „Hamma paxta yig‘im-terimiga“, deb yozib qo‘yilar edi», — dedi vazir.

Sherzod Kudbiyevning ta’kidlashicha, majburiy mehnatga qarshi kurash iqtisodiy rag‘batning yo‘qligi sababli ham qiyin kechgan. Joriy yilda paxta yig‘im-terimini tashkil etishda terimchilar va otryadlar rahbarlari mehnatiga haq to‘lash uchun 2,6 trln so‘m miqdordagi naqd pul tayyorlab qo‘yildi.

Vazir ayrim rahbarlar hamon eskicha fikrlayotgani sababli majburiy mehnatga jalb qilish holatlari uchrashi mumkinligini tan oldi. «Yig‘ilishdan keyin mendan: „Qachon paxtaga raznaryadka (biror ishni bajarish uchun hujjat — tahr.) berasiz?“ deb so‘rashdi. Raznaryadkalar bo‘lmaydi, odamlarning o‘zlari borishsin, agar istashsa. Bu kabi rahbarlarga nisbatan barchasini tushunishlari uchun qat’iy choralar ko‘riladi», — dedi Sherzod Kudbiyev.

Mehnat vaziri bu yil iqtisodiy manfaatdorlik odamlarni paxta kampaniyasiga jalb etishda asosiy omil bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi. Terimchilar Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida bir kg paxta uchun birinchi bosqichda 950 so‘m, ikkinchi bosqichda — 1150 so‘m, uchinchi bosqichda esa — 1300 so‘m oladi. Mazkur hududlarda ishchi kuchlari yetishmagani sababli oshirilgan narxlar belgilandi.

«Agarda bir kishi kuniga 70 kg tersa, u 66,5 ming so‘m, 40 kunda esa 2,66 mln so‘m ishlab topishi mumkin. Hukumat transport, yashash va ovqatlanish xarajatlarini qoplaydi. Paxta terimida qatnashish uchun yaqindagi Bandlikka ko‘maklashish markazlariga yoki +998712000602 telefon raqami, @terimuzbot Telegram-boti yoxud terim.uz sayti orqali murojaat qilish mumkin», — dedi vazirlik vakili.

Bandlik va mehnat munosabatlari paxta yig‘im-terimi vaqtida majburiy yoki ixtiyoriy-majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik ustidan nazorat olib boradi. Butun respublika bo‘yicha Davlat mehnat inspeksiyasining 200 nafar inspektori monitoring olib borib, fuqarolarning majburiy mehnat haqidagi murojaatlarini o‘rganadi.

«Biz shaharlar va hududlar kesimida statistika yuritamiz, unda murojaatlar soni, hal qilingan yoki yechilmagan arizalar soni aks ettiriladi. Paxta yig‘im-terimi vaqtida mazkur ma’lumotlar bazasiga Xalqaro mehnat tashkilotini ulab qo‘yamiz. Bu bemisl qadam», — dedi vazir.

Sherzod Kudbiyev avval odamlar atrofdagilar ularni muhokama qilgani sababli majburiy mehnat to‘g‘risida shikoyat yoza olmaganini tan oldi. U har bir ariza to‘liq o‘rganilib, qoidabuzarlik aniqlangan taqdirda choralar ko‘rilishiga shaxsan va’da berdi.

«Endilikda odamlar bizning Telegram-kanal orqali murojaat qilishlari mumkin. Biz asossiz shikoyat bo‘lmasligi uchun telefon raqamini so‘raymiz. Shikoyatchi ismini aytmasligi mumkin. Shundan so‘ng u uni majburiy mehnatga jalb qilgan tashkilot, bu sodir bo‘lgan joyni yozadi. Inspektorimiz u bilan bog‘lanib, masalani o‘rganish uchun joyiga boradi», — dedi u.

Majburiy mehnatga jalb etganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida so‘zlar ekan, vazir qonunchilikda EKIHning 1 barobaridan 3 barobariga (voyaga yetmaganlarni majburlaganlik uchun — EKIHning 7 dan 10 barobarigacha) miqdoridagi jarima belgilanganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, rahbar mazkur sohada qoidabuzarlik sodir etsa, ishdan bo‘shatilib, hattoki jinoiy javobgarlikka tortiladi.

XMT texnik masalalar bo‘yicha bosh maslahatchisi Yonas Astrup (o‘rtada).

Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston majburiy mehnatga qarshi qat’iy kurash olib borib, inson kapitaliga yanada ko‘proq investitsiya kiritadi.

«O‘zbekiston — boy mamlakat. Agarda XX asrda asosiy kapital — neft, avvalroq — oltin bo‘lgan bo‘lsa, XXI asrda, bu — inson kapitalidir. Biz paxta terishga emas, balki ta’lim va tarbiyaga qancha ko‘p e’tibor qaratsak, ertaga odamlarning mamlakat YAIMga ulushi kattaroq bo‘ladi. Shuning uchun majburiy mehnatga qarshi qattiq kurash olib boramiz», — dedi Sherzod Kudbiyev.

Bu yil O‘zbekiston paxta kampaniyasini kuzatish uchun Cotton Campaign kompaniyasi vakillarining tashrif buyurishi kutilmoqda.

Majburiy mehnat holatlarini bartaraf etish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 200−06−01 ishonch raqami va @mehnathuqubot Telegram-botini ishga tushirdi.