24 iyul kuni Shavkat Mirziyoyevning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida davlat rahbari tavalludining 61 yilligiga bag‘ishlangan «Janob Prezident» nomli hujjatli film namoyish qilindi.

Intervyuda O‘zbekiston prezidenti oila va baxt haqidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi. Uning fikricha, har bir inson hayotida eng muhimi, bu — oila.

«Oila men uchun muqaddas. Muqaddasligi shuki, avvalambor qayerda ishlashidan qat’i nazar, kim bo‘lishidan qat’i nazar agar oilada tarbiya, oilada muhit, oilada halollik, munosabat, tarbiyaga alohida e’tibor bermasa, hech qachon natija bo‘lmaydi. Shuning uchun men farzandlarimning tarbiyasiga juda katta e’tibor beraman. Har bir farzandimga ham, nevaramga ham alohida o‘zimning munosabatim bor. Har bir nevaramning alohida xarakterini bilaman, orzusini, istagini bilaman», — dedi u.

«Odam baxtliman deyishga qanchalik haqqi bor? Agar oilang bilan sen baxtli bo‘lsang, baxtliman deyishga haqqing bor. Faqat oilam emas, xalqim baxtli bo‘lsa men o‘zimni baxtli deb bilaman», — deya ta’kidladi prezident.

Video