11 iyul kuni «Nukus» xalqaro aeroportining yangilangan yo‘lovchi terminali ishga tushirildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Terminalda bir soatda 400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilishi imkoniyati mavjud. Rekonstruksiya qilingan binoning uchish oldidan nazorat va yuk topshirish zonasi kengaytirildi. U yerda ikkita tasma mavjud bo‘lib, xalqaro va mahalliy parvozlar uchun alohida xizmat ko‘rsatiladi. Bino Yevropa uslubidagi konditsioner va ventilyatsiya tizimi bilan jihozlandi.

Mahalliy va xalqaro yo‘nalishlar yo‘lovchilari uchun alohida uchish zallari tashkil etilgan. Shuningdek ona-bola xonalari, tibbiyot punkti, valyuta ayirboshlash shoxobchalari, suvenir do‘konlari, kafe-bar va boshqa qulayliklar mavjud.

«Terminal loyihada belgilangan muddat — bir yil ichida qurildi, — deydi „Nukus“ xalqaro aeroportining yo‘lovchilar parvozini tashkillashtirish xizmati boshlig‘i Konisbay Nuratdinov. — U bir soatda 200 kishini uchirib yuborishi va yana shuncha yo‘lovchini qabul qila oladi».

Hozir aeroport dushanba kuni Milliy aviakompaniyaning Nukus-Moskva-Nukus yo‘nalishida parvozlarni va har kuni kuni Toshkentga ikkita reysni amalga oshirmoqda. Konisbay Nuratdinovning aytishiga qaraganda, ayni paytda Qozog‘istonning Scat Airlines aviakompaniyasi bilan Olmaota va Aktauga reyslar ochish bo‘yicha muzokara olib borilmoqda. Oktyabr oyida «Uralskiye avialinii» orqali Moskvaga muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Aeroportning rekonstruksiya ishlari «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini oshirish, xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash va mamlakat aeroportlarini modernizatsiya qilish dasturi doirasida amalga oshirildi.

«Nukus» xalqaro aeroporti har qanday rusumdagi samolyot va vertolyotlarni qabul qilish imkoniga ega. Uchish-qo‘nish yo‘lagining uzunligi 3 ming metr, kengligi 45 metrdan iborat. Aerodromda xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy yoritish-signal va aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilgan.

Foto