6 oktyabr kuni taxminan 10:05 larda Uchtepa tumanidagi Toshkent yuridik kolleji hududida uchinchi bosqich o‘quvchilari Saidkamron Saidvohidov, Asabdek Parpiboyev va Rahmatulla Yorqoriyev o‘rtasida janjal kelib chiqdi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

17 yoshli Saidkamron Saidvaliyev Asadbek Parpiboyev va Rahmatulla Yorqoriyevga pichoq bilan bir martadan tan jarohati yetkazadi. Natijada Asadbek Parpiboyev «chap son yuqori uchligi sanchilib kesilgan jarohati, faol qon ketishi» tashxisi bilan Shoshilinch tibbiy yordam Respublika ilmiy markaziga yotqizilgan va olgan tan jarohati oqibatida shifoxonada vafot etgan. Rahmatulla Yorqoriyevga «chap son tashqi yuzasi sanchilib kesilgan jarohati» tashxisi bilan RSHTYOIMda ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga yuborilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.