27 sentyabr kuni Turkiyadan yetib kelishi bilan qo‘lga olingan yozuvchi Nurullo Otaxonov (taxallusi — Nurullo Muhammad Raufxon) yakshanba kuni qamoqdan ozod etildi, deb xabar qildi Toshkent IIBB «Gazeta.uz"ga. Mazkur axborotni yozuvchining o‘g‘li Fayzulloxon Otaxonov ham Facebook ijtimoiy tarmog‘ida tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, 11 may kuni Nurullo Otaxonovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, unga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi (Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244-modda 3-qismi «g» bandi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bo‘yicha sirtdan ayblov e’lon qilingan edi.

IIBBda qayd etilishicha, jinoiy ish bo‘yicha tergov jarayoni davom etmoqda.

Yozuvchining qo‘lga olinishi katta shov-shuvlarni keltirib chiqardi. Yozuvchining ozod etilishi to‘g‘risidagi internet-murojaatga 1000 ga yaqin kishi imzo chekdi. Bir qator shoir va yozuvchilar Nurullo Otaxonovni ozod qilish murojaati bilan chiqdi.