Paxta terimiga jalb qilingan OTMlar talabalari hamda ta’lim va tibbiyot muassasalari xodimlari 22 sentyabrdan dalalardan o‘qish va ish joylariga qaytmoqda.

«Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasining xabar qilishicha, 21 sentyabr kuni tunda bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Vazirlar Mahkamasining 8 avgustdagi bayonnoma qarori ijrosini ta’minlashni talab qilgan.

Avval xabar qilganimizdek, qarorda: «2017 yil paxta hosilini terib olishda 18 yoshga to‘lmagan yoshlarni, shuningdek tashkilotlar, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarining mehnat faoliyatida bo‘lgan xodimlarini paxta terimi tadbirlariga majburiy tarzda jalb qilish qat’iy man etiladi», — deyiladi.

Talabalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini zudlik bilan paxta dalalaridan olib chiqib ketish topshirilgan. Hududlar va davlat organlari rahbarlari yuklatilgan talablarni bajarmaganlik uchun ogohlantirilib, aks holda «tashkiliy choralar» ko‘rilishi mumkinligi ma’lum qilingan.

«Gazeta.uz» tahririyati yarim tundan buyon O‘zbekistonning hududlardagi OTMlari talabalaridan ko‘plab xabarlarni qabul qilib oldi. Ularda talabalarni uylariga qaytarib yuborilgani yoki bunga tayyorgarlik ko‘rilayotgani ma’lum qilingan.

«Bizni kechasi 3 da uyg‘otishdi va uyga ketishimizni aytishdi. Soat 5 da biz Navoiyda edik, hozir esa darsdamiz», — dedi Navoiy viloyatida paxta terayotgan OTMlardan birining talabasi. Ular dalada bir haftadan kamroq muddat bo‘lishdi. Bu haqda Qashqadaryo viloyatidagi talabalar ham ma’lum qilishdi.

So‘nggi vaqtlarda muxbirlarimiz suhbatlashgan talabalar paxta terimiga ixtiyoriy ravishda chiqish to‘g‘risida arizalar yozib berishga majbur bo‘lganlarini aytgan edi. Ayrimlari paxta terishga chiqishdan bosh tortgan taqdirda, o‘qishdan chetlatilishi to‘g‘risida bosim bo‘lganini ham ma’lum qilgan.

Materialni tayyorlash vaqtida «Gazeta.uz» vakili soliq inspeksiyasiga chaqirilib, kompaniyadan davlatga yordam berish maqsadida Jizzax viloyatiga paxta terimiga jo‘natish uchun uch nafar xodim taqdim etish so‘raldi. Qayd etish joizki, ushbu murojaat iltimos ko‘rinishida bo‘lib, majburlashdek ko‘rinmadi.

«Gazeta.uz"da mavjud ma’lumotga ko‘ra, mamlakat hududlarida har qanday vaziyatda dalalarga chiqishga tayyor turgan paxta terish mashinalari «start"da turibdi.

«Fidoyi yoshlar otryadlari"dan biri. Foto: Yoshlar ittifoqi.

Fermer xo‘jaliklari paxta yig‘im-terimiga band bo‘lmagan aholi, jumladan «Fidoyi yoshlar otryadlari» vakillarini jalb qilishlari mumkin. «Fidoyi yoshlar otryadi», bu — O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi loyihasi bo‘lib, band bo‘lmagan yoshlarga turli mavsumiy ishlarda ishtirok etish orqali daromad olish imkoniyatini taqdim etadi.

Ta’kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining selektor yig‘ilishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkdan qaytgan kunida bo‘lib o‘tdi. 19 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlagan davlat rahbari O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatni bekor qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilganini ma’lum qilgan edi.

«Gazeta.uz» so‘rovida ishtirok etgan ekspertlar davlat rahbarining paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatdan foydalanish amaliyotini bekor qilish to‘g‘risidagi irodali qarorini tarixiy hodisa deb atadi.