O‘zbekiston Prezidentining 16 avgustdagi qarori bilan O‘zbekistonga sayohat qilishni yengillashtirish, turizm infratuzilmalarini rivojlantirish va yangi turizm ob’ektlarini tashkil etishga qaratilgan 2018−2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Bir oy muddat ichida fuqarolariga 2018 yilning 1 yanvaridan viza tartibini soddalashtirish taklif etilayotgan mamlakatlar hamda fuqarolariga maxsus ziyorat turizmi dasturlari taklif etiladigan davlatlar ro‘yxati shakllantiriladi.

Malayziya, Indoneziya va boshqa mamlakatlardan O‘zbekistondagi muqaddas qadamjolarga ziyorat turizm yo‘nalishidagi sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha ishlar faollashtirilib, bu borada kerakli reklama tadbirlarini o‘tkaziladi, logistika, jumladan, charter reyslarni tashkil etiladi.

Buxoro va Samarqand shaharlaridagi turizm hududlari tajribasi asosida Urganch, Toshkent shaharlari va Farg‘ona viloyatida turizm hududlari, shuningdek, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida tog‘ klasterlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Dastur asosida Andijon viloyatining Xonobod shahrida dam olish zonasi, Jizzax viloyatining Forish va Arnasoy tumanlarida Aydar-Arnasoy ko‘llari sohilarida beshta yangi dam olish zonasi, Qashqadaryo viloyatining Qarshi va Shahrisabz shaharlarida to‘rt yulduzli mehmonxonalar qurish rejalashtirilgan.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chimyon tog‘ hududida mehmonxona majmuasi quriladi. To‘dako‘l ko‘lining janubiy qirg‘og‘ida ichki turizm uchun, Navoiy viloyatida Arnasoy ko‘li sohilida esa chet ellik sayyohlar uchun plyaj infratuzilmasi bunyod etiladi.

Tadbirkorlik sub’ektlariga yangi mehmonxonalar va boshqa turizm infratuzilma inshootlari qurish, mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun uzoq muddatli (15 yilgacha) kreditlar ajratish amaliyotga joriy qilinib, bunda kredit va foizlarni qoplashning mehmonxonalar kapital talabliligi va mavsumiy yuklanganligini hisobga oluvchi sharoitdan kelib chiqadigan talablar nazarda tutiladi.

2022 yil 1 yanvarga qadar mehmonxonalar — boshqaruv xodimlari sifatida jalb qilingan malakali xorijlik mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash fondidan yagona ijtimoiy to‘lov to‘lashdan, mehmonxonalarga boshqaruv xodimlari sifatida jalb qilinadigan malakali xorijlik mutaxassislar daromadlari — jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan ozod etiladi.