«O‘ztreyd» kompaniyasi Mozori Sharifda o‘zbek-afg‘on savdo uyini ochmoqda. 20 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalari uchrashuvida tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

«O‘ztreyd"dan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, savdo uyi O‘zbekiston eksport hajmini oshirish va janubiy qo‘shnilar bozoridagi o‘rnini mustahkamlash uchun zarur.

Savdo uyida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi shourum tashkil etilib, unda o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlari namoyish etiladi. Qandolat mahsulotlari, pasta, tabiiy mevalardan tayyorlangan murabbolar, quyuqlashtirilgan sharbatlar, suv, ichimliklar, go‘sht va konverva mahsulotlari, maishiy kimyo, qurilish materiallari, xo‘jalik texnikalari, gilamlar va boshqa mahsulotlar shular jumlasidan.