O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 iyuldagi farmoyishi bilan respublika soliq tizimini takomillashtirish bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi ekspert komissiyasini tashkil etdi.

Komissiya bir oyda eng kamida bir marta yig‘ilish o‘tkazib, soliq soliq sohasidagi xalqaro tajribalarni o‘rganish va respublika soliq tizimini rivojlangan davlatlarda qabul qilingan, chet el investorlari uchun tushunarli bo‘lgan va ularni O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritishga rag‘batlantiruvchi soliq tizimlariga muvofiq tarzga keltirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishni belgilab oladi.

Shuningdek, soliq siyosatini amalga oshirishni monitoring qilish, mavjud kamchiliklar va zaif nuqtalarni aniqlash, soliq tizimini takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish, jumladan soliqlarni umumdavlat va mahalliyga taqsimlash, soddalashtirilgan soliq solish tartiblarini takomillashtirish, soliqlarning tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, energiya tejamkorligi, yer va suv resurslari, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishdagi o‘rnini oshirish ham muhim vazifalar qatorida sanab o‘tildi.

Komissiya tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati samaradorligi, korxonalarning moliyaviy barqarorligi, iqtisodiyotdagi o‘zaro hisob-kitoblar holati, debitorlik va kreditorlik qarzdorlik o‘sishi ko‘rsatkichlariga soliq yuki ta’sirini o‘rganish bilan shug‘ullanadi.

U hududlarning soliq qobiliyatini aniqlash, barcha darajalardagi byudjet bazalari daromadlarini mustahkamlash, moliyaviy va soliq idoralari, mahalliy hokimiyat organlarining soliq solish bazalarini kengaytirish hamda yig‘ilayotgan soliqlarni oshirishdagi manfaatlarini mustahkamlashda metodik masalalarni ishlab chiqadi.