Xorazmda mashhur xonanda-hofiz va bastakor Komiljon Otaniyozov(1917−1975) tavalludining 100-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zA.

Ogahiy nomidagi viloyat musiqali drama teatrida xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bayram qatnashchilariga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

Badiiy jamoalar va xonandalar tomonidan Komiljon Otaniyozov ijodiy merosidan namunalar ijro etildi. «Uch bo‘ston bulbuli» nomli spektakl, hofiz hayoti va ijodiga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi.

Ulug‘ san’atkor tug‘ilib voyaga yetgan Shovot tumanida Komiljon Otaniyozov nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i rekonstruksiya qilinib, har tomonlama obod maskanga aylantirildi. Urganchda uning xotirasi bilan atalgan bog‘ va ijod markazi, uy-muzeyi tashkil etildi. Hofiz siymosi aks ettirilgan yodgorlik o‘rnatildi.