O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi qator jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda 20 apreldan 26 mayga qadar 620 juftlik — ijtimoiy himoyaga muhtoj oila va «Mehribonlik» uylari vakillarining nikoh, 3280 nafar bolaning sunnat to‘yini o‘tkazmoqda.

Federatsiya matbuot xizmatining xabar qilishicha, ijtimoiy aksiya ishtirokchilari ro‘yxati hududlarda ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar hamda «Mehribonlik» uylari tarbiyachilari sharoitini o‘rganish asosida tuzib chiqildi.

Nikoh va sunnat to‘ylariga O‘zbekiston qahramonlari, estrada guruhlari, teatr va kino aktyorlari, shoir va yozuvchilar taklif qilindi. Milliy an’analar namoyishlari va milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.

Yosh oilalarga sovg‘a tariqasida yotoqxona mebeli hamda bepul nikoh uzuklari tortiq qilinmoqda. Bolalarga esa kitoblar jamlanmasi va boshqa sovg‘alar, shuningdek, Xalq bankining 1 million so‘m mablag‘ga ega bo‘lgan jamg‘arma omonat daftarchalari sovg‘a qilinmoqda.

Ish bilan band bo‘lmagan yoshlarga ular mutaxassisligi hisobga olingan holda ish joylari taklif qilinmoqda.