O‘zaro kelishuvga muvofiq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘rtasida 24 aprel kuni telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zA.

Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

2017 yilning 22−23 mart kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali muzokaralar O‘zbekiston — Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini amaliy mazmun bilan boyitdi va o‘zaro hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilab berdi.

Tomonlar yaqin yillarda qulay sharoitlar yaratish, biznes sub’ektlari o‘rtasida bevosita va uzoq muddatli sheriklik aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashish, transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatini oshirish hisobidan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish haqidagi mo‘ljalni tasdiqladilar. Hududlararo, avvalambor, chegaraoldi hududlar o‘rtasida aloqalarni yanada kengaytirish, madaniy-gumanitar munosabatlarni faollashtirish qo‘llab-quvvatlandi.

Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston qardosh xalqlarimizning vaqt sinovidan o‘tgan o‘zaro munosabatlariga amal qilgan holda, bundan buyon ham mamlakatlarimiz barqaror iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdilar.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro siyosatga oid ayrim masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Suhbat O‘zbekiston — Qozog‘iston munosabatlariga xos samimiy va do‘stona, o‘zaro anglashuv va hurmat ruhida o‘tdi.