Yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z plastik kartochkalari orqali nafaqat ishlab chiqarish ehtiyojlari, balki har qanday turdagi mahsulot va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston Markaziy banki «Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan milliy valyutadagi bank kartalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga tegishli o‘zgartishlarni kiritdi.

«Endilikda tomonlar, ya’ni sotuvchi va bank kartasi egasi o‘rtasida tegishli shartnomani tuzish zarurati yo‘q», — deyiladi Markaziy bank xabarida. Bu kabi to‘lovlarni amalga oshirishda tegishli to‘lovni terminal orqali qabul qilgan xizmatchining imzosi tushirilgan «to‘landi» muhri qo‘yilgan schyotlar, kvitansiyalar, bankomat, infokiosk va terminal kvitansiyalari hisobot hujjatlari bo‘lib xizmat qiladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar endilikda o‘z bank kartochkalarini foydalanish uchun boshqa shaxslarga berish huquqiga ega.

Bunga qadar yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z plastik kartochkalarini faqatgina tadbirkorning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun ishlata olar edi.