Oliy Majlis Senati 28 mart kuni to‘qqizinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida"gi qonunni tasdiqladi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar qildi.

Asosiy qonunga tuzatishlar Prezidentning 21 oktyabrdagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga hamda 21 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq kiritilmoqda.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80, 81, 83, 93, 107, 110, 112-moddalariga tegishli o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritilmoqda. Ushbu tuzatishlarga muvofiq Oliy xo‘jalik sudi va Oliy sud fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ishi yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organiga — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirilmoqda.

Mazkur konstitutsiyaviy tuzatishlarga muvofiq sud tizimida iqtisodiy va ma’muriy sudlar tuzilmoqda. Senatorlar qayd etganlaridek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtisodiy, ma’muriy sudlarini, shuningdek, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarini hamda tuman, shahar ma’muriy sudlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi ushbu konstitutsiyaviy o‘zgartishlar mamlakatimizda olib borilayotgan ma’muriy, iqtisodiy, bozor islohotlarini sud-huquqiy jihatdan ta’minlash samaradorligini oshirishning, xususiy mulk huquqini, tadbirkorlik faoliyatini sudda ishonchli himoya qilishning muhim omiliga aylanadi.

Asosiy qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq sud-huquq tizimida yangi institut — O‘zbekiston Sudyalar oliy kengashi joriy etilmoqda. Bu Kengash avval amalda bo‘lgan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasini almashtirishi lozim.

Sudyalar oliy kengashi tuzilishi munosabati bilan O‘zbekiston Konstitutsiyasi 111-moddasining yangi tahririda Sudyalar oliy kengashining konstitutsiyaviy maqomi aniq mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekiston Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi hisoblanadi va O‘zbekiston sud hokimiyati mustaqilligi haqidagi konstitutsiyaviy prinsipga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashishi belgilab qo‘yilmoqda. Kengash raisi O‘zbekiston Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan tayinlanishi (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 80-moddasining 4-bandi), Sudyalar oliy kengashi a’zolari qonunga muvofiq davlat rahbari tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yilmoqda.

Senatorlar «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida"gi, «Sudlar to‘g‘risida"gi qonun, Fuqarolik protsessual va Xo‘jalik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonunlarni ham tasdiqladi.