O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga safari doirasida seshanba kuni Navoiy davlat konchilik institutiga tashrif buyurdi. Bu yerda Auminzo-Amantoy oltin konlari negizida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 5-gidrometallurgiya zavodi qurilishining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zA.

2017−2026 yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 27 loyiha amalga oshiriladi. Qiymati 3 milliard 63 million dollar bo‘lgan mazkur loyihalar natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati 30 foizga ortadi. Qo‘shimcha 31 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Prezident Auminzo-Amantoy oltin konlarida o‘zlashtirishni boshlash uchun ramziy tugmani bosdi. Tadbirni videokonferensiya orqali Tomdi tumanida, 5-gidrometallurgiya zavodi bunyod etiladigan hududda kuzatib turgan kombinat mutaxassislari konni portlatdi. Davlat rahbari yangi zavod ulkan iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev shu yerda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limini tashkil etish borasidagi loyihalar bilan ham tanishdi. Akademiyaning mintaqaviy bo‘limi Navoiy hududini texnologik va ijtimoiy rivojlantirishga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsiya ilmiy-tadqiqotlarini olib borishga ixtisoslashgan bo‘lib, uning tarkibida 5 ilmiy laboratoriya ish olib boradi.

Joriy yilning uchinchi choragida ish boshlaydigan ilmiy markaz fan va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirishga, Navoiy davlat konchilik institutida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga hissa qo‘shadi.

“Sanoat rivoji uchun ilm, innovatsiya suv va havodek kerak, — dedi Prezident. — Bu yerda Fanlar akademiyasining bo‘limini tashkil etishni hayotning o‘zi taqozo etdi. Bundan maqsad ilmga asoslanib mahsulotlarning tannarxini kamaytirish va raqobatbardoshligini oshirishdir. Shu bois tadqiqotlarni zamon talablari asosida tashkil etish, laboratoriya ishlarini takomillashtirish zarur. Barcha izlanishlar istiqbolga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim”.

Shavkat Mirziyoyev yaqin yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amalga oshiriladigan loyihalarni ko‘zdan kechirdi. 2017−2026 yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 27 loyiha amalga oshiriladi. Qiymati 3 milliard 63 million dollar bo‘lgan mazkur loyihalar natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati 30 foizga ortadi. Qo‘shimcha 31 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Pistali konini o‘zlashtirish va 6-gidrometallurgiya zavodini qurish, 2-gidrometallurgiya zavodi quvvatini kengaytirish, Muruntov konini o‘zlashtirishning 5-navbati, texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasi qurilishi va boshqa loyihalar ham namoyish etildi.