Ta’lim sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Rus tili markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zA. Ochilish marosimida Rossiya Prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy ishtirok etdi.

«Rossotrudnichestvo» tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Rus tili markazi turli o‘quv va badiiy adabiyotlar, darslik, o‘quv materiallari, audio va video qo‘llanmalar, zamonaviy o‘quv texnologiyalari bilan jihozlangan.

Bu yerda professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda rus tili va adabiyoti ixlosmandlari turli seminar-treninglar o‘tkazish, o‘quv kurslari tashkil etish, klassik va zamonaviy rus adabiyoti namunalari, sohaga oid so‘nggi yangiliklar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

«Toshkentdagi nufuzli oliy o‘quv muassasasida Rus tili markazining ochilishi mamlakatlarimiz o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikning yanada mustahkamlanishida muhim qadam bo‘ldi, — dedi Mixail Shvidkoy. U markazning ishga tushishi mamlakatlarimiz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan pedagog va talabalar almashinuvini yanada faollashtirishga, sohada o‘zaro fikr va tajriba almashishni rivojlantirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.