O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi bosh vaziri Tereza Meyga London shahrida sodir etilgan terrorchilik xuruji oqibatida insonlar nobud bo‘lgani munosabati bilan samimiy ta’ziya izhor etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik va dalda so‘zlarini yetkazdi hamda barcha jarohat olganlarning tez orada sog‘ayishini tiladi.

Chorshanba kuni Londondagi Vestminster ko‘prigi va parlament binosi hududida jinoyatchi avtomobilda bir necha kishini bosib, so‘ngra parlament binosiga kirishga harakat qilgan edi. Uni to‘xtatishga uringan vaqtda politsiyachiga pichoq sanchib, hayotiga zomin bo‘ldi. Terrorist boshqa politsiyachi tomonidan otib o‘ldirildi.

Terakt natijasida 4 kishi halok bo‘ldi, 50 kishi jarohatlandi. Hujum qilgan shaxs 52 yoshli britaniyalik Holid Masud bo‘lib chiqdi.