O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi turizmni rivojlantirishni qiyinlashtirayotgan va mamlakat sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanishga to‘siq bo‘layotgan asosiy sabablarni tilga oldi. Ular Prezidentning muhokama uchun e’lon qilingan respublikada o‘rta muddatli istiqbolda turizmni rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirish to‘g‘risidagi farmoni loyihasida sanab o‘tilgan.

Hujjatda asosiy muammolar qatorida viza tartibi sohasida sayyohlar uchun ma’muriy va iqtisodiy to‘siqlar, sayyohlik faoliyatida davlat nazorati (litsenziyalash va sertifikatlash) sanab o‘tilgan. Yashash va aviaparvozlar tariflarining yuqoriligi, xizmat ko‘rsatish darajasining cheklangani, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmalarning rivojlanmagani, sayyohlar uchun qulay axborot muhitining mavjud emasligi (navigatsiya va infomarkazlar), malakali kadrlarning yetishmasligi, O‘zbekistonning xorijda kuchsiz targ‘ib qilinishi va boshqalar milliy sayyohlik mahsulotlarining raqobatbardosh emasligiga olib kelmoqda.

Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston sayyohlikdan daromad ko‘ruvchi davlatlar o‘rtasida 150- o‘rinni egallab turibdi. Bunda hisob-kitob qilingan salohiyati umumiy oqimning 2,2 foiziga teng bo‘lishiga qaramasdan, bu ko‘rsatkich 0,2 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston ushbu sohaning mamlakat YAIM shakllanishidagi ulushi bo‘yicha 115, investitsiyalardan foydalanish bo‘yicha 103 va sohada bandlar soni bo‘yicha 69-o‘rinni band etib turibdi.

Respublika ichida aholining 5,6 foizigina sayohat qiladi. Bunga aholi turizm uchun sarflaydigan moliyaviy mablag‘larning cheklangani, ijtimoiy turizmning rivojlanmagani hamda ichki turizmni rag‘batlantirish va rivojlantirish bo‘yicha davlat tomonidan yetarlicha choralar ko‘rilmagani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Prezident farmonida O‘zbekistonning har bir hududida 2017−2021 yillarda turizmni rag‘batlantirish va rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqilishi taklif qilingan.

Mehmonxonalarda joylarni band qilishning integratsiyalashgan yagona avtomatlashgan tizimini tashkil etish belgilangan.

Tanlov asosida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi yirik sayyohlik maskanlarini qurish rejalashtirilmoqda.

Banklarga tadbirkorlik sub’ektlariga mehmonxonalar qurish va modernizatsiya qilishga uzoq muddatli (15−20 yilga) imtiyozli kreditlar ajratish taklif qilinadi. Bundan tashqari, banklar mehmonxona va boshqa sayyohlik ob’ektlarida xalqaro to‘lov tizimlari bilan ishlovchi bankomat va terminallar sonini oshirib, xorijiy valyutada to‘lovlarni qabul qilish uchun qulaylik yaratadi.

2018 yilda UzReport World (UzReport TV telekanali tahririyati negizida) xalqaro telekanalni ishga tushirish taklif qilinmoqda.