O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasining 22-fevralda bo‘lib o‘tgan hisobot-saylov konferensiyasida rahbariyatning yangi tarkibi saylandi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi. Sport tashkiloti raisi lavozimiga bosh vazir o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov bir ovozdan saylandi. Uning birinchi o‘rinbosari etib “O‘zbekneftegaz” Milliy xolding kompaniyasi boshqaruv raisi o‘rinbosari Olimxon Rustamov saylandi.

Abdullo Sagdiyev, Bexzod Mirtemirov, Baxtiyor Ikramjanovlar rais o‘rinbosari lavozimiga, Kamoliddin Ro‘zimuhamedov esa bosh kotib lavozimiga saylandi.

Tadbirda “Paxtakor” stadioniga yondosh hududda yengil atletika bo‘yicha maxsus sport majmuasi hamda federatsiyaning yangi binosi qurilayotgani ma’lum qilindi. Rahbariyat so‘zlariga ko‘ra, mazkur majmua shu yilning aprel oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.