Qashqadaryo viloyatidagi Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasida har birining quvvati 450 MVtdan bo‘lgan ikki dona bug‘-gaz uskunasini qurish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Birinchi BGU blokining gaz turbinasi O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi arafasida — 2016-yilning avgustida ishga tushirilgan edi. Keyinroq, noyabr oyida birinchi blok kombinatsiyalangan siklda ishga tushirildi.

Pudratchi kompaniya vakilining “Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, ayni paytda ikkinchi blok bo‘yicha ishga tushirish-sozlash ishlari yakunlangan bo‘lib, bunda uning kombinatsiyalangan siklda ishlashi ham ta’minlangan. Bu esa har ikki blokning 800 MVtgacha quvvatda energiya ishlab chiqarishiga imkon beradi.

Kelgusida uskunalar faoliyatini optimallashtirish va qurilmalarni to‘liq loyihaviy quvvatda ishlashi bilan topshirish-qabul qilish sinovlarni o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi.

Barcha ishlar yakuniga yetganidan so‘ng stansiyaning jami quvvati 1700 MVtga yetib, O‘zbekistonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini sezilarli darajada qoplash, mamlakat janubi-g‘arbiy qismlarini energiya bilan ta’minlash darajasini oshirishga imkon tug‘diradi. Barcha ishlar mart oyida tugallanganidan so‘ng yangi qurilmalar “O‘zbekenergo” kompaniyasiga foydalanishga topshiriladi.

Kombinatsiyalangan siklli elektrobloklardan foydalanish energiya manbalaridan samarali foydalanish va yoqilg‘ini 20 foizgacha iqtisod qilishga imkon beradi. Yangi energobloklarning FIK 55 foizgachani tashkil etsa, eski texnologiya bo‘yicha qurilgan energobloklardan FIK 35 foizga yetadi.

Ishlar Hyundai va Daewoo konsorsiumi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki va Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) kreditlari hisobidan amalga oshirilmoqda. Modernizatsiya uchun dunyo amaliyotida yuqori samaradorlik ko‘rsatgan Mitsubishi (gaz turbina), Fuji (bug‘ turbina) va Doosan (qozonxona-utilizator) kabi ishlab chiqaruvchilar qurilmalaridan foydalanilmoqda.

Kelgusida yana ikki dona xuddi shunday BGU qurilishi rejalashtirilgan.