O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husaynga va do‘st Pokiston xalqiga Sind muzofotining Sexvan-Sharif shahrida sodir etilgan terrorchilik xuruji oqibatida ko‘plab insonlarning nobud bo‘lgani munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etdi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Davlat rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik so‘zlarini yetkazdi hamda jarohat olganlarning tez orada sog‘ayib ketishini tiladi.

Payshanba kuni kechqurun Sexvan-Sharifda Lal Shaxboz Qalandar maqbarasi hududida portlash sodir bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 90 ga yaqin kishi halok bo‘ldi, 300 dan ziyodi jarohatlandi. Portlash uchun javobgarlikni ISHID to‘dasi o‘z zimmasiga oldi.