Erkin iqtisodiy zonalarda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar byurokratik sansalorliklar, elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar hamda boshqa muammolardan himoyalanganmagani O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) tashkil etgan navbatdagi uchrashuvdan ma’lum bo‘ldi. Yuqorida tilga olingan masalalar Prezidentning «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida"gi farmoni (12 yanvar) imzolanganidan so‘ng yanada dolzarb ahamiyat kasb etdi.

Biznes vakillarining fikricha, yangi EIZlarga investorlarni jalb qilish uchun dastavval mavjud EIZlardagi muammolar hal etilishi lozim (O‘zbekistonda «Navoiy», «Jizzax» va «Angren» EIZlar faoliyat ko‘rsatmoqda). Davlat rahbarining oktyabrdagi «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilinishi bilan avvalgi imtiyozlar o‘z kuchini yo‘qotdi. Bu haqda Navoiy viloyatidan kelgan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha mutaxassis Yunus Otaboyev ma’lum qildi.

«Mohiyatiga ko‘ra faoliyatimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kerak bo‘lgan Prezident farmoni imzolandi, biroq hujjat chiqqanidan so‘ng bizdan bojxona to‘lovlari va soliqlarni to‘liq hajmda to‘lashni talab qilish boshlandi. Yangi aktlar chiqar ekan, yo ular ishlamayapti, yoki boshqa aktlarga qarshi bo‘lib qolayapti. Sizlardan Navoiyga borish, mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashish va ularning muammolarini eshitishingizni iltimos qilaman», — deb davom ettirdi u.

Davlat bojxona qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Jasur Saidaliyev bu kabi holatlarning mavjudligini tan oldi. Farmonning bojxona to‘lovlaridan ozod qilish to‘g‘risidagi bandida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan materiallar, xom ashyo va uskunalar ro‘yxati kiritilgan edi. Biroq ushbu ro‘yxatning o‘zi bo‘lmagani uchun bojxona organlari tadbirkorlarga imtiyozlar taqdim eta olmagan. DBQ vakili hujjatga o‘zgartish kiritilgani va tez orada kuchga kirishini ma’lum qildi. Bunda yetkazilgan zararlar qayta hisob-kitob qilinib, to‘lanadi.

«O‘zbekenergo» va «O‘ztransgaz» eng ko‘p tanqidlar ostida qoldi. «O‘zvinosanoat-xolding» vakili Temur Ташtanовнинг fikricha, ishlab chiqaruvchilar uchun eng dolzarb muammo, bu — energiya va gazni uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha kafolatning mavjud emasligidadir.

«Biz tez-tez barqaror gaz va energiya ta’minotining kafolatlanmagani muammosi bilan to‘qnash kelamiz. Masalan, mahsulot ishlab chiqaramiz va ishlab chiqarish jarayonining qoq o‘rtasida chiroq o‘chadi. Uch kundan keyin elektr energiyasi yetkazilishi bilan bog‘liq muammo hal bo‘ladi, lekin mahsulot endi yaroqsiz. Va hech kim yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni bo‘yniga olmaydi. Bizga har safar muammoni hal etishlari kerak emas, ularning hech qachon bo‘lmasligini xohlaymiz», — dedi u.

Lochin Asbob-Uskuna kompaniyasi direktori maslahatchisi Xurshid Bo‘riyev EIZda loyihalarni amalga oshirishning barcha jarayonlarini — yer ajratishdan tortib, ob’ekt qurilishigacha qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. U hujjatlarni yig‘ishga qariyb yarim yil sarflagani, biroq haligacha ish boshlanmaganini aytib o‘tdi.

«Ma’muriyatning [EIZ] yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi qarorini olish uchun 20 ta muassasadan hujjat to‘plash kerak. Bu shunchaki aqlbovar qilmas kuchni talab qiladi. Masalan, ekologik nazorat boshqarmasidan loyihani tuzish va ekspertiza o‘tkazish uchun 48 kun vaqt ketdi, vaholanki qonunchilikda 30 kun qilib belgilangan. Keyingi masala — texnik sharoitlarni olish, aniqrog‘i gaz va elektr energiyasi limitini belgilash haqida. Loyiha instituti bunga 120 kVt elektr energiyasi ketishi ma’lum qildi, ayni paytdaelektr tarmoqlari hududiy bo‘linmasi faqatgina 40 kVt berishga tayyor. Xuddi shunday holat gaz bilan ham ro‘y beradi. Biz bittagina muhrni bostirish uchun ko‘p hajmdagi vaqtni yo‘qotayapmiz. Juda ko‘p qonun va farmonlar qabul qilindi, biroq ularning hammasi ham hayotimizni qamrab olayotgani yo‘q. Agarda vaziyat o‘zgarmasa, yangi EIZlarda ham tadbirkorlarga oson bo‘lmaydi», — deya qayd etdi Bo‘riyev.

«Auto Pad Sistems» QK asoschisi Asad Hikmatov mahalliy hom ashyoni xarid qilishdagi murakkabliklarni aytib o‘tdi. «Biz ikki yildan buyon faoliyat ko‘rsatayapmiz, biroq hozircha eksport qila olganimiz yo‘q. Muammo shundaki, yaqin vaqtgacha biz 100 foiz xom ashyoni Xitoydan xarid qilar edik. Tashish xarajatlari sababli dastlabki material narxi Xitoydagi tayyor mahsulot narxi bilan qariyb bir xil bo‘lib qolayapti. Biz 20 foiz resursni O‘zbekistondan sotib olishga muvaffaq bo‘ldik, biroq bu raqam 80 foizga qadar ortishi mumkin. Buning uchun olimlarning yordami kerak».

Mahalliy xom ashyodan foydalanish masalasi birvarakayiga bir qancha uchrashuv ishtirokchilari tomonidan ko‘tarib chiqildi. Davlat organlari vakillari ishchi guruh shaklida hududlarga chiqib, qabul qilingan hujjatlar ijrosini muhokama qilish, EIZlarda faoliyat ko‘rsatayotgan kompaniyalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri fikrlarni olishi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.