O‘zbekiston Prezidenti v. b. Shavkat Mirziyoyev “Xalqaro mehnat tashkilotlarining birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 87-sonli Konvensiyasini (San-Fransisko, 1948-yil 9-iyul) ratifikatsiya qilish haqida"gi Qonunni imzoladi. Qonun 6-oktyabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 12-oktyabrda Senat tasdig‘idan o‘tgan edi.

Konvensiya 1948-yilda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Bosh Konferensiyasining 31-sessiyasida qabul qilingan va 1950 yilda kuchga kirgan. Mazkur hujjat 153 mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Konvensiyada xodimlar va ish beruvchilarning tashkilotlar tuzish, shuningdek, ushbu tashkilotlarga kirish huquqi, xodimlar va ish beruvchi tashkilotlarining o‘z ustavlari va ma’muriy reglamentlarini ishlab chiqishi, davlat organlarining birlashish huquqini cheklovchi yoki uni qonuniy amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi aralashuvidan erkinlik, xodimlar va ish beruvchi tashkilotlarni tarqatib yuborishni yoki ma’muriy tartibda ular faoliyatini to‘xtatib qo‘yishni ta’qiqlash, xodimlar va ish beruvchilarga birlashish huquqini erkin amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

XMT 87-sonli Konvensiyasining ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlarga yanada integratsiyalashuvi hamda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlari himoyasini xalqaro standartlarga muvofiq ta’minlashni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.