27-oktyabr kuni 19 yoshgacha bo‘lgan ayollar jamoalari o‘rtasida futbol bo‘yicha Osiyo chempionati-2017 saralash musobaqasi boshlanadi, xabar qildi Osiyo futbol konfederatsiyasi rasmiy sayti.

Saralash musobaqalari Osiyoning to‘rt shahri — Nankin (Xitoy), Dushanbe (Tojikiston), Yangon (Myanma) va Xanoy (Vetnam)da bo‘lib o‘tadi. Mezbon mamlakatlar (Xitoydan tashqari) bilan birgalikda yana 11 mamlakat: Avstraliya, Iordaniya, Tailand, Xitoy Taybeyi, Eron, O‘zbekiston, Falastin,Hindiston, Gonkong, Qirg‘iziston, Shimoliy Mariana orollari jamoalari ishtirok etadi.

Qur’a tashlash yakunlari bo‘yicha to‘rt guruh shakllantirildi. Osiyo chempionati final qismiga faqatgina guruh g‘oliblari yo‘l oladi va so‘nggi qit’a birinchiligining eng yaxshi to‘rt jamoasi -Yaponiya, KXDR, Janubiy Koreya va Xitoy termalari bilan avgustda Xitoyda bo‘lib o‘tadigan 2017-yilgi Osiyo chempionatida bahslarni davom ettiradi.

O‘zbekiston termasi o‘rin olgan B guruhi saralash o‘yinlari 27−31-oktyabr kunlari Dushanbedagi Markaziy respublika stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston U-19 ayollar termasi Tojikiston (27-oktyabr, 17:00), Gonkong (29-oktyabr, 14:00), Xitoy Taybeyi (31-oktyabr, 14:00) jamoalari bilan bahslashadi.

Qur’a

  • A guruhi: Avstraliya, Iordaniya, Shimoliy Mariana orollari / 2−6-noyabr;
  • B guruhi: O‘zbekiston, Xitoy Taybeyi, Gonkong, Tojikiston / 27−31-oktyabr;
  • C guruhi: Tailand, Myanma, Falastin, Qirg‘iziston / 20−24-dekabr;
  • D guruhi: Eron, Vetnam, Hindiston / 2−6-noyabr.

Bundan avvalroq O‘zbekiston U-19 ayollar termasi Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasining CAFA Women’s Cup xalqaro musobaqasida Eron, Tojikiston va Qirg‘iziston termalarini yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratgan holda g‘olib bo‘lgan edi.