26-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev o‘rtasida Qirg‘iziston tomonining tashabbusi bilan telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston hamkorligining bugungi holati va istiqbollari to‘g‘risida atroflicha fikr almashib, o‘zaro munosabatlarning bir qator asosiy yo‘nalishlarida ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotganini alohida qayd etdilar.

Muloqot chog‘ida ta’kidlanganidek, Farg‘ona vodiysining chegaradosh viloyatlari rahbarlari va keng jamoatchiligi ishtirokida Andijon va O‘sh shaharlarida o‘tgan O‘zbekiston hamda Qirg‘izistonning nufuzli delegatsiyalari uchrashuvlari ko‘p asrlik an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hurmat muhitini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyev O‘zbekiston — Qirg‘iziston davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha ikki mamlakat vakolatli organlari birgalikda olib borayotgan ishlarning muvaffaqiyatli yakunlanishidan tomonlar birdek manfaatdor ekanini ta’kidladilar.

Davlat rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan qator mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlari qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida ko‘p qirrali va uzoq muddatli munosabatlarni, mintaqamizda barqarorlik va xavfsizlikni yanada mustahkamlash maqsadida bundan buyon ham turli darajadagi o‘zaro aloqalarni davom ettirish va rag‘batlantirishga kelishib oldilar.