24-oktyabr kuni Stokgolmda taniqli rejissyor, ssenarist va aktyor Melis Abzalov vafot etdi, deya o‘z Facebook-sahifasida xabar qildi rejissyor Ali Hamroyev Abzalovning qizi Naziraga tayangan holda. Kino san’ati arbobi 78 yoshda edi.

Yarim asrga yaqin ijodiy faoliyati davomida Melis Abzalov 40 dan ziyod filmlarni tasvirga oldi. Ular orasida “Chinor ostidagi duel”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “O‘tkan kunlar”, “Suyunchi”, “Maysaraning ishi” singari kinokartinalar tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan.

Stokgolm va Toshkentda rejissyor bilan vidolashuv marosimlari bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekkino” Milliy agentligi Abzalovning qarindoshlari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.

Melis Abzalov 1938-yil Yangiyo‘lda (Toshkent viloyati) tavallud topgan. Toshkent teatr-san'at institutini hamda ssenaristlar va rejissyorlar oliy kurslarini tamomlagan. 1959-yildan Toshkent yosh tomoshabinlar teatri sahnasida rollar ijro etgan, 1962-yilda “O‘zbekfilm” aktyori va rejissyori bo‘lgan.