Toshkentda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Bolgariyaning «Another Point Adviser Co. Ltd» kompaniyasi bilan ushbu mamlakatda o‘z vakolatxonasini ochish to‘g‘risida shartnoma imzoladi, xabar qildi O‘zA.

Jamg‘armaning Bolgariya Respublikasida tashkil etilayotgan vakolatxonasi o‘zbekistonlik tadbirkorlarga ushbu mamlakat bozorini o‘rganish asosida o‘z mahsulotlarini eksport qilish, ishonchli hamkorlar topish, o‘zbek va bolgar ishbilarmon doiralari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston tadbirkorlarining Bolgariyada o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar, yarmarkalar, tender savdolari va biznes-forumlarda ishtirokini tashkil etishga ko‘maklashadi.

Bundan tashqari, vakolatxona O‘zbekiston eksportchilariga Bolgariyada bojxona tartib-taomillaridan o‘tishi uchun zarur sertifikatlar, litsenziya va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni olishga yordam beradi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 2013 yilda tashkil etilgan. 2015 yilda jamg‘arma 3212 nafar tadbirkorga ko‘maklashdi, 2016 yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 4000 ga qadar oshirish rejalashtirilgan. Mazkur sub’ektlar eksporti hajmi o‘tgan yilda 1,045 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda ko‘rsatkichning 1,5 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.