2024-yil 19-aprel kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida shaharlararo avtobusda ayolga shilqimlik qilgan shaxs ustidan sud bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” sud qarori bilan tanishib chiqdi.

Qayd etilishicha, sud majlisida so‘roq qilingan jabrlanuvchi ayol 2023-yil 15-noyabr kuni Surxondaryo viloyati Termiz shahri avtovokzalidan Toshkent shahriga kelayotgan avtobusda ketayotgan bo‘lgan. Uning yonidagi o‘rindiqda o‘tirgan A.R. (1979-yilda tug‘ilgan, erkak) ayol uxlab qolganidan foydalanib uning kiyimini yechib, ko‘krak qismiga tegingan. Shundan so‘ng ayol uyg‘onib ketgan va avtobus haydovchisiga bo‘lgan voqeani aytgan.

Shu vaqt A.R. ayol bilan janjallashib uni haqorat qilgan. Keyin ayol akasiga qo‘ng‘iroq qilib, holatni aytganida erkak ayolning akasini ham haqorat qilib, avtovokzalda janjal qilib, ommani o‘ziga qaratgan.

Sudda ayol bu holat 2023-yil 15-noyabr oyida sodir bo‘lganiga qaramasdan IIO xodimlari A.R.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rmaganini, huquqbuzarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘radi.

Sud majlisida so‘roq qilingan huquqbuzar A.R. 2023-yil 15-noyabr kuni Termiz shahri avtovokzalidan Toshkent shahriga kelayotgan avtobusda bo‘la turib, yonida o‘tirgan ayolga qo‘li tegib ketganini, hozirgi kunda qilgan ishidan pushaymon ekanini, unga nisbatan yengillik berishni so‘radi.

Sud A.R. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 41−1-moddasi 1-qismida (Shahvoniy shilqimlik qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topdi va unga nisbatan 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanadi.